Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonda millatlararo totuvlikka bag‘ishlangan tadbirda qatnashdi

Jamiyat

image

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida millatlararo totuvlikka bag‘ishlangan madaniy tadbir bo‘ldi. Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.

Qariyb yuz yillik tarixga ega ushbu muassasa san’at rivojida, yoshlar tarbiyasi va aholining madaniy hayotida munosib o‘ringa ega. Oxirgi yillarda teatr joriy ta’mirlanib, asbob-uskunalar yangilandi. 2017 yilda unga akademik teatr maqomi berildi.

Davlat rahbari bu yerda yoshullilar, san’at sohasi vakillari bilan birga badiiy dasturni tomosha qildi.

Qoraqalpog‘istonda ko‘plab millat vakillari ahil va totuv yashamoqda. Dasturda shu jihat ta’sirchan talqinlarda ifodalandi. Xalq dostonlaridan parchalar, “Shag‘ala”, “Dembermes”, “Nigarim” kabi kuy-qo‘shiqlar ijro etildi. Alisher Navoiy, Berdaq, Maxtumquli va Abay ijodidan namunalar o‘qildi. O‘zbekiston Qahramoni Ibroyim Yusupov qalamiga mansub “Tug‘ishganlik” she’ri va “O‘zbekiston” qo‘shig‘ida millatlararo totuvlik, og‘zibirchilik, tinchlik qadri tarannum etildi. 

Prezident shu yerda qoraqalpog‘istonlik ijodkorlar, madaniyat sohasi vakillari bilan muloqot qildi. Badiiy dasturni yuqori baholadi. 

O‘zbek va qoraqalpoqlar ikki tilli bir el. Asrlar davomida birga yashab, do‘st, qarindosh bo‘lib, bir xalqqa aylanib ketgan. Ular bugun mamlakatimiz tinchligi va taraqqiyoti yo‘lida hamjihat. Bu nafaqat sahnada, balki hayotimizda ham o‘z ifodasini topmoqda. 

Davlat rahbari ushbu qadriyatlarni ulug‘lovchi asarlarni ko‘proq qo‘yish, gastrollarga chiqib, yoshlarni teatrga qaytarish, madaniyatini boyitish muhimligini ta’kidladi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev musiqali teatr Berdaq teatri

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing