Mirziyoyev bank tizimini xususiylashtirish jarayonlari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi
Jamiyat
−
20 noyabr 2023
8949Bugun, 20 noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev bank tizimida transformatsiya va xususiylashtirish jarayonlari muhokamasi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, yig‘ilishda bank sektorida raqobat kuchayayotgani va bank xizmatlariga talab oshayotgani qayd etilgan. Bu jarayon esa tizimida transformatsiya ishlarini jadallashtirishni talab qilayotgani aytilgan.
Bu borada davlat ulushiga ega banklarni xususiylashtirishga tayyorlash, ularning qimmatli qog‘ozlarini “IPO”ga chiqarish, sohaga tajribali xorijiy mutaxassislarni jalb qilish bo‘yicha takliflar bildirilgan.
Davlat rahbari mas’ullar oldiga xalqaro reyting kompaniyalari bilan hamkorlikni kuchaytirib, banklarning reytingini oshirish bo‘yicha o‘rta muddatli chora-tadbirlar ishlab chiqish vazifasini qo‘ygan. Shuningdek, sohada kadrlar tayyorlash tizimini zamon talablariga moslashtirish kerakligini aytgan.
Yig‘ilish davomida bank rahbarlari Prezidentni transformatsiya va xususiylashtirishga tayyorgarlik ko‘rish, xodimlarni o‘qitish, sohada ilg‘or IT yutuqlarni joriy qilish bo‘yicha rejalari bilan tanishtirgan.
Mirziyoyev har bir bank o‘zi sarmoya kiritgan loyihalarni tahlil qilib, ishga tushishini kuzatib borishi, hududlar va sohalarda samardorligi yuqori bo‘lgan loyihalarni amalga oshirishi kerakligini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 20 suntyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning AQSHning Nyu-York shahrida “Boston Consulting Group” kompaniyasi raisi Rich Lesser bilan uchrashgan edi. Uchrashuvda davlat rahbari Lesser bilan O‘zbekistondagi davlat korxonalari va banklarni transformatsiya qilish va xususiylashtirish, banklarning raqamli infratuzilmasini modernizatsiya qilish, shaharlarni rivojlantirish va energetikadagi loyihalarni ekspertiza jihatidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qilgandi.
LiveBarchasi