Mirziyoyev avval umuman sanoat bo‘lmagan tumanga bordi
Jamiyat
−
30 mart 2023
10533Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifini Kegeyli tumanidagi tekstil korxonasidan boshladi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, avval bu tumanda sanoat umuman bo‘lmagan. Iqtisodiyotni tarkibiy o‘zgartirish bo‘yicha qilinayotgan ishlar, hududlararo hamkorlik natijasida tumanda andijonlik tadbirkorlar bilan birgalikda uchta loyiha ishga tushirilgan.
Prezident tashrif buyurgan ushbu tekstil korxonasi yiliga 3 million donadan ziyod trikotaj ishlab chiqarish quvvatiga ega. Buning uchun Germaniya, Yaponiya va Turkiyadan zamonaviy uskunalar keltirib o‘rnatilgan. 500 ta ish o‘rni yaratilgan. Yiliga 6 million dollarlik mahsulotni eksport qilish rejalashtirilgan.
Ma’lum qilinishicha, davlat rahbari korxonadagi ish jarayonini ko‘zdan kechirib, ishchi ayollar bilan suhbatlashgan. Shuningdek, Mirziyoyev chekka hududlarda bunday yangi korxonalar ochilayotgani, xotin-qizlar ish bilan ta’minlanayotganining ahamiyatini ta’kidlab, buni davom ettirish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar bergan.
Korxonaning o‘zida kasb-hunarga qayta tayyorlash o‘quv markazi tashkil etilgan.
LiveBarchasi