Mirziyoyev Ashxobodda global sammit o‘tkazilishini qo‘llab-quvvatladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan e’lon qilingan "Xalqaro tinchlik va ishonch yili" doirasida kelgusi yili Ashxobod shahrida global sammit o‘tkazilishini qo‘llab-quvvatladi. Bu haqda u bugun, 11 oktyabr kuni Ashxobodda bo‘lib o‘tgan turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligiga bag‘ishlangan "Zamon va sivilizatsiyalarning o‘zaro bog‘liqligi - tinchlik va taraqqiyot asosi" mavzusidagi xalqaro forumda so‘z ochdi.

"Biz qardosh Turkmaniston rahbariyatining tashabbusi bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan kelgusi yilning “Xalqaro tinchlik va ishonch yili”, deb e’lon qilingani hamda bu borada o‘ziga xos global muloqot platformasi yaratilayotganini olqishlaymiz. Jumladan, kelgusi yili dekabr oyida Ashxobodda bo‘lib o‘tadigan xalqaro sammit bu xayrli yo‘ldagi ulkan voqea bo‘ladi, deb ishonamiz va turkman birodarlarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz", dedi Mirziyoyev.

Shuningdek, u o‘z nutqida forumning o‘tkazilishi xalqlar o‘rtasidagi birodarlik va hamjihatlik rishtalarini mustahkamlash, mamlakatlarni bir-biriga yanada yaqinlashtirish, boy ma’naviy merosimizni butun dunyoga targ‘ib qilish yo‘lida ulkan amaliy qadam bo‘lishini  ta’kidladi.

Maxtumquli Firog‘iyning ijodiy merosi nafaqat Sharq mumtoz she’riyatini, balki jahon adabiyotini ham boyitganligi qayd etildi. O‘zbekistonda Maxtumquli ijodi yuksak qadrlanishi, shoir Xiva shahridagi Sherg‘ozixon madrasasida tahsil olib, dunyoviy va diniy ilmlarni o‘rgangani, buyuk o‘zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiyni chuqur hurmat qilgani ta’kidlandi.

Bildirilishicha, joriy yilda O‘zbekistonda Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligi keng nishonlanayotgani ta’kidlandi.  Anjuman, seminar, adabiy kecha, tanlov, spektakllar va boshqa tadbirlar o‘tkazilmoqda. O‘zbek va turkman kinoijodkorlari tomonidan shoir haqida hamkorlikda badiiy film suratga olindi.

Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov O‘zbekiston Prezidentiga mazmunli nutq hamda Maxtumquli Firog‘iy xotirasini abadiylashtirish borasida mamlakatda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar uchun minnatdorlik bildirib, Mirziyoyev turkman shoiri va mutafakkiri tavalludining 300 yilligi munosabati bilan medal bilan mukofotlanishini ma’lum qildi.

Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov raisligida o‘tgan tadbirda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon, Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti Osif Ali Zardariy, Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux, Armaniston Respublikasi Prezidenti Vaagn Xachaturyan, xorijiy davlatlar parlamentlari rahbarlari va yuqori martabali vakillari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar boshliqlari ishtirok etdi.

Tadbir nihoyasida forumning yakuniy hujjati qabul qilindi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 19 fevral kuni Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekistonda Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi qarori imzolangandi. Unga ko‘ra, yubiley bo‘yicha tashkiliy qo‘mitaga Bosh vazir Abdulla Aripov rahbarlik qiladi. Yubiley bayrami doirasida Maxtumqulining tanlangan asarlari, uning hayoti va ijodiy faoliyatiga bag‘ishlangan ilmiy maqolalar to‘plamini nashr etish rejalashtirilgan. 


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Turkmaniston Maxtumquli Firog'iy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing