Mirziyoyev “Arqadag‘”ga o‘zbek tilidagi kitobni sovg‘a qildi
Jamiyat
−
24 aprel 3651 2 daqiqa
Bugun, 24 aprel kuni "Silk Road Samarkand" majmuasining Kongress markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov tor doirada va rasmiy delegatsiyalar ishtirokida muzokara o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuv avvalida Turkmaniston yetakchisi Shavkat Mirziyoyevga Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Suhbat davomida O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi. Ko‘p qirrali hamkorlik barcha yo‘nalishlarda, shu jumladan siyosiy, parlamentlararo, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya va madaniy-gumanitar sohalarda jadal rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

“Barcha darajalarda samarali muloqot olib borilmoqda. Hukumatlararo komissiya yig‘ilishlari, Ishbilarmonlar kengashi, Hududlar forumi, madaniyat kunlari, ko‘rgazmalar va boshqa tadbirlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda. O‘tgan yili o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 1,1 milliard dollarni tashkil etdi. Poytaxtlarda savdo uylari ochilib, yuk tashish hajmi oshmoqda. Yaqin yillarda tovar ayirboshlashni 2 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, energetika, transport, qishloq va suv xo‘jaligi, iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida o‘zaro manfaatli kooperatsiya rivojlanmoqda. Birgalikda "Shovot-Toshovuz" chegaraoldi savdo zonasi tashkil etilmoqda. Faol hududlararo muloqotlar yo‘lga qo‘yilgan, madaniy-gumanitar almashinuv bo‘yicha katta dasturlar amalga oshirilmoqda.

Joriy yilda Xiva shahrida uchinchi Hududlar forumini hamda O‘zbekistonda Turkmaniston madaniyati kunlarini o‘tkazishga kelishib olindi.
Shuningdek, O‘zbekiston va Turkmaniston yetakchilari mintaqaviy sheriklikka doir masalalar, shu jumladan "Markaziy Osiyo plyus" formatidagi bo‘lajak sammitlar va Toshkent shahrida o‘tkaziladigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan fikr almashgan.

Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston tashabbusi bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan e’lon qilingan Xalqaro tinchlik va ishonch yili doirasida joriy yil dekabr oyida Ashxobod shahrida o‘tkaziladigan forum va boshqa xalqaro tadbirlar muhim ahamiyatga ega ekanini alohida ta’kidlagan.
Uchrashuvda O‘zbekiston Prezidenti turkman xalqining milliy yetakchisiga uning qalamiga mansub "Tafakkur gavhari" kitobining o‘zbek tilidagi nusxasini topshirgan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili 11 oktyabr kuni Ashxobodda turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligiga bag‘ishlangan "Zamon va sivilizatsiyalarning o‘zaro bog‘liqligi - tinchlik va taraqqiyot asosi" mavzusidagi xalqaro forumdan so‘ng, Mirziyoyev Gurbanguli Berdimuhamedov bilan uchrashib, unga Maxtumqulining o‘zbek tilida nashr etilgan tanlangan asarlari to‘plamini sovg‘a qilgandi.
Live
Barchasi