Mirziyoyev anomal sovuqda qiynalgan tadbirkorlarni qo‘llaydigan qarorni imzoladi
Jamiyat
−
06 fevral 2023 7252 2 daqiqa
Qattiq sovuqda qiyinchilik ko‘rgan tadbirkorlarga kredit, soliq, bojxona va boshqa to‘lovlar bo‘yicha yengilliklar beriladi. Bu haqda “Havo harorati keskin sovib ketishining iqtisodiyotga salbiy ta’sirini kamaytirish uchun tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarorida ma’lum qilindi.
Qarorga ko‘ra, ming nafar kichik va o‘rta tadbirkorlarning yanvar-mart oylarida muddati keladigan 4,7 trillion so‘m kredit to‘lovlari 1 iyunga qadar uzaytiriladi. Shuningdek, 9 ming nafar tadbirkorning 2 trillion so‘m soliqdan qarzini 1 iyulga qadar foizsiz, qo‘shimcha garovsiz va “penya”siz bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratiladi.
Bundan tashqari, hujjatda tadbirkorlarga quyidagicha yengilliklar berish ko‘zda tutilgan:
• quvvati pasaygan 545 ta sanoat korxonasiga ishlab chiqarishni tiklash va aylanma mablag‘ uchun 8 trillion so‘m kredit ajratiladi;
• nosoz uskunalarni ta’mirlashga kreditlar ajratiladi, ular bo‘yicha 2,5 milliard so‘mgacha kafillik beriladi va kredit stavkasining 4,5 foizi qoplab beriladi;
• 27 ming tadbirkor uchun davlat mulki ijara to‘lovi 1 aprelga qadar o‘zgarmaydi va uni bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi (tadbirkorlarda 52 milliard so‘m qoladi);
• davlat mulkini sotib olgan tadbirkorlar uchun to‘lovlar, foiz va “penya” 1 aprelga qadar to‘xtatib turiladi;
• Ishlab chiqarish binolarining har bir yuqori qavati uchun tadbirkorlarga mol-mulk solig‘idan 10 foizdan chegirma beriladi.
Nurmuhammad Fayzullayev
Live
Barchasi