Mirziyoyev Andijondagi jinoyat qayd etilmagan mahallaga bordi
Jamiyat
−
01 fevral 2023
16576Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon tumanidagi “Sadda tagi” mahallasida bo‘lib, aholi turmushi bilan yaqindan tanishdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu mahallada o‘tgan yili birorta ham jinoyat qayd etilmagan.
Ushbu mahallada 3 ming 600 nafardan ortiq aholi yashaydi. Mahalla hududida “Har bir oila – tadbirkor” dasturi asosida parrandachilik, uzumchilik, issiqxonalar tashkil etilmoqda. Shuningdek, mahalla hududida to‘qimachilik korxonasi, oziq-ovqat do‘konlari va ustaxonalar bor. O‘tgan yili mahalla binosi yangidan qurilib, ko‘chalar ta’mirlandi, ishkomlar barpo etilgan.
Shuningdek, davlat rahbari shu yerlik Diyor Mamadaliyev xonadonida mehmon bo‘ldi.
Prezident mezbonlarni yangi uylar bilan muborakbod etib, binoning loyihasi, qurilish materiallariga e’tibor qaratdi.
“Uy insonning eng asosiy ehtiyojlaridan biri. Ham davlat, ham tadbirkorlar tomonidan ko‘plab turar joylar qurilayotgani xalqimiz manfaatini ta’minlayapti. Tanlov imkoniyatini kengaytirish uchun, ehtiyojmandlar uchun bunday arzon uylar ham kerak”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
Bunday uylarni ko‘paytirish, ular uchun zarur qurilish materiallarini mahalliylashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.