Mirziyoyev Aliyevni tug‘ilgan kuni bilan tabrikladi

Jamiyat

image

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev joriy yilning 24 dekabr kuni 58 yoshni qarshiladi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ilhom Aliyevga tabrik maktubini yo‘lladi. 

“Tug‘ilgan kuningiz munosabati bilan Janobi Oliylariga samimiy tabriklarimni va eng ezgu tilaklarimni izhor etishdan juda mamnunman”, deb boshlanadi maktub. 

Shavkat Mirziyoyev tabrik maktubida Ilhom Aliyevning har tomonlama puxta o‘ylangan ichki va tashqi siyosati sabab Ozarbayjonning xalqaro maydondagi o‘rni va nufuzi tobora mustahkamlanayotgani, iqtisodiyotning barcha ustuvor yo‘nalishlari, shu jumladan aholi turmush darajasi ko‘rsatkichlari o‘sayotganini qayd etgan. 

“O‘zbekistonga va o‘zbek xalqiga bo‘lgan alohida munosabatingiz, shuningdek, yaqin qardoshlik munosabatlarimiz tufayli mamlakatlarimiz o‘rtasida o‘zaro manfaatli, ko‘p tomonlama va uzoq muddatli hamkorlik izchil rivojlanmoqda”, deydi Prezident Mirziyoyev.  

Ma’lumki, joriy yil O‘zbekiston Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashiga a’zo bo‘ldi va Shavkat Mirziyoyev Baku shahrida o‘tgan Kengashga a’zo davlatlar rahbarlari sammitida ishtirok etdi. Mirziyoyev Aliyevga yo‘llagan maktubida ushbu uchrashuvni ham yodga olgan. 

“Bu yil oramizda bo‘lib o‘tgan qator ochiq va samarali uchrashuvlar, shu jumladan oktyabr oyida Bakuda bo‘lib o‘tgan samarali muzokaralarimiz O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlar rivojiga katta turtki berganini mamnuniyat bilan ta’kidlamoqchiman. 

Ishonchim komilki, yuqori darajadagi aloqalarimiz natijasida yaqin kelajakda strategik sherikchiligimiz o‘zaro ishonch va hurmat ruhida yangi mazmun va ma’no bilan to‘ldirilib, davlatimizning imkoniyatlari mos ravishda yanada yuqori pog‘onaga ko‘tariladi”, deydi Shavkat Mirziyoyev.  

O‘zbekiston rahbari maktubi so‘ngida Ilhom Aliyevni yana bir bor tabriklab, unga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, do‘st Ozarbayjon xalqiga tinchlik va farovonlik tilagan. 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjonda "Yil odami" sifatida e’tirof etildi. 


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston-Ozarbayjon Shavkat Mirziyoev Ilhom Aliev

Baholaganlar

16

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing