Mirziyoyev Aliyevni 60 yoshni qarshilagani bilan tabrikladi
Jamiyat
−
23 dekabr 2021
3512O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevni 60 yoshni qarshilagani bilan qutladi.
“Hurmatli Ilhom Haydar o‘g‘li Sizga oltmish yillik yubileyingiz munosabati bilan samimiy va ezgu tilaklarimni bildirishdan juda mamnunman.
O‘tgan davrda Siz xalqaro maydonda katta obro‘-e’tibor va ishonch qozongan, o‘z mamlakati taraqqiyoti va xalqi farovonligiga munosib hissa qo‘shgan haqiqiy rahbar, davlat arbobi sifatida munosib e’tirof etildingiz”, deyiladi tabrikda.
Shavkat Mirziyoyev bugun Ozarbayjonda Aliyev rahbarligda keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, samarali qurilish ishlari amalga oshirilayotganini ta’kidlagan.
“Joriy yilning noyabr oyida Istanbulda bo‘lib o‘tgan Turkiy kengash sammitida sizga topshirilgan “Turk dunyosi oliy ordeni” qardosh xalqlarimiz hamjihatligi va mintaqada barqarorlikni ta’minlash borasidagi keng ko‘lamli faoliyatingiz e’tirof etilganining yorqin dalilidir.
So‘nggi yillarda siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport, qishloq xo‘jaligi va madaniy-gumanitar sohalardagi strategik sheriklik munosabatlari xalqlarimizning umumiy tarixiy, diniy va madaniy ildizlari asosida, shuningdek, o‘zaro manfaatli hamkorlik asosida faol rivojlanib borayotganidan g‘oyat mamnunmiz”, degan Shavkat Mirziyoyev tabrigida.
O‘zbekiston rahbari yuqori va oliy darajadagi muzokaralar muntazam davom etayotganini, ayniqsa, joriy yilning noyabr oyida bo‘lib o‘tgan samarali muloqot va uchrashuvlar iki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikni chuqurlashtirish, ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qilishini qayd etgan.
“Hurmatli Ilhom Haydar o‘g‘li, fursatdan foydalanib, sizni hayotingizning unutilmas kuni bilan yana bir bor tabriklayman. Sizga uzoq umr, mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt, mas’uliyatli davlat faoliyatingizda yangi muvaffaqiyatlar, qardosh Ozarbayjon xalqiga esa tinchlik, farovonlik va yanada yuksak taraqqiyot tilayman”, deya so‘zini yakunlagan O‘zbekiston Prezidenti.
Ma’lumot uchun, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev 1961 yil 24 dekabr kuni tavallud topgan. U 2003 yil 31 oktyabrdan beri Ozarbayjonni boshqarib keladi.
LiveBarchasi