Mirziyoyev Aliyevga tabrik yo‘lladi
Olam
−
28 may
7617Bugun, 28 may kuni Ozarbayjon Respublikasi mamlakat ilk bor respublika maqomini olganining 106 yilligini nishonlamoqda. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mavqedoshi Ilhom Aliyevga tabrik maktubini yo‘lladi. Tabriknoma Ozarbayjon Prezidenti saytida e’lon qilindi.
“Sizni va sizning timsolingizda qardosh Ozarbayjon xalqini mamlakat milliy bayrami – Mustaqillik kuni bilan samimiy tabriklashdan mamnunman”, deb tabrikni boshlagan Mirziyoyev.
O‘zbekiston rahbari, Aliyevdek donishmand, vatanparvar va fidoyi rahbar, buyuk siyosat va davlat arbobi rahnamoligida Ozarbayjonning hududiy yaxlitligi to‘liq tiklanib, tarixiy adolat qaror topganini alohida urg‘ulagan.
“Mamlakatingiz tomonidan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ichki va tashqi siyosat, amalga oshirilayotgan iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar bugun o‘z samarasini bermoqda, xalqaro maydonda Ozarbayjonga ishonch va uning nufuzi muttasil ortib bormoqda.
Ozarbayjon bilan O‘zbekiston o‘rtasida shakllangan, qardosh xalqlarimizning umumiy maqsad va intilishlariga to‘la javob beradigan yaqin munosabatlarni biz yuksak qadrlashimizni alohida ta’kidlamoqchiman”, deydi Prezident.
Mirziyoyev avvalgi muloqotlarda kelishib olinganidek, kimyo, neft-gaz, tog‘-kon sanoati, energetika, elektrotexnika, zargarlik, mashinasozlik, farmatsevtika sanoati, qurilish materiallari, bank va moliya sohalari kabi 10 ta yangi yo‘nalishda hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan katta rejalar to‘liq amalga oshirilishiga ishonch bildirgan.
“Bizning mustahkam siyosiy irodamiz va birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz tufayli ikki qardosh xalqning umumiy taraqqiyoti yo‘lida o‘zaro manfaatli va uzoq muddatli sheriklik izchil rivojlanib boraveradi.
Fursatdan foydalanib, Janobi Oliylariga sog‘lik-salomatlik, oilaviy baxt, Vataningiz taraqqiyoti yo‘lidagi faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar, qardosh Ozarbayjon xalqiga esa tinchlik, farovonlik, doimiy taraqqiyot va farovonlik tilayman”, deydi Mirziyoyev.
Ma’lumot uchun, Mammad Emin Rasulzoda boshchiligidagi Ozarbayjon Milliy kengashi 1918 yil 28 may kuni Ozarbayjon Demokratik Respublikasi mustaqilligini e’lon qilgan. Shu kuni Rossiya imperatorining Kavkazdagi sobiq gubernatori Tiflisdagi saroy zalida Mustaqillik deklaratsiyasi imzolandi. Hozirgi Ozarbayjon Respublikasida bayram 1990 yildan beri nishonlanib kelinmoqda. 2021 yildan boshlab Ozarbayjonda “Mustaqillik kuni to‘g‘risida”gi qonun loyihasiga ko‘ra, 28 may “Mustaqillik tiklangan kun” deb o‘zgartirildi.
Shu kuni imzolangan Respublika Mustaqillik Deklaratsiyasida shunday deyilgan edi:
Bundan buyon ozarbayjon xalqi suveren huquqlarning egasi, Ozarbayjon esa Sharqiy va Janubiy Kafkazortini qamrab olgan to‘laqonli mustaqil davlatdir. Mustaqil Ozarbayjonning siyosiy tuzilma shakli Demokratik Respublika sifatida tashkil etilgan.
Ozarbayjon Demokratik Respublikasi xalqaro aloqaning barcha a’zolari, ayniqsa, qo‘shni xalqlar va davlatlar bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini o‘rnatishga intiladi.
Ozarbayjon Demokratik Respublikasi o‘z chegaralarida millati, dini, ijtimoiy mavqei va jinsidan qat’i nazar, barcha fuqarolarning fuqarolik va siyosiy huquqlarini kafolatlaydi.
Ozarbayjon Demokratik Respublikasi o‘z hududida yashovchi barcha millatlarga erkin rivojlanish uchun keng imkoniyatlar yaratadi.
Ta’sis majlisi chaqirilgunga qadar butun Ozarbayjon boshqaruvini xalq ovozi bilan saylangan Milliy Kengash va Milliy Majlis oldida mas’ul bo‘lgan Muvaqqat hukumat boshqaradi.
Bu bandlar hozir ham Ozarbayjon davlat tuzilishining asosini tashkil etadi.
LiveBarchasi