Mirziyoyev COP28 da besh taklifni ilgari surdi

Jamiyat

image

Bugun, 1-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Muhammad bin Zoid Ol Nahayonning taklifiga binoan Dubay shahrida o‘tayotgan BMT Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasining (COP28) asosiy yalpi sessiyasi ishida ishtirok etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirda dunyoning 170 dan ziyod mamlakatlarining davlat va hukumat rahbarlari, nufuzli xalqaro tashkilotlar va moliyaviy institutlar rahbarlari qatnashmoqda.

Shavkat Mirziyoyev nutqining avvalida Birlashgan Arab Amirliklari rahbariyati va xalqini milliy bayrami hamda tarixiy sammitni muvaffaqiyatli tashkil etgani bilan samimiy qutlab, Amirliklarning iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash borasidagi global tashabbuslarini hamda “yashil” taraqqiyotga qo‘shayotgan katta hissasini alohida qayd etdi.

O‘zbekiston Prezidentining ta’kidlashicha, hozirgi davrda iqlim muammolari jahondagi barqaror rivojlanish yo‘lida eng asosiy tahdidga aylanib ulgurgan. Iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlari zamonamizning eng ayanchli ekologik inqirozlaridan biri – Orol fojiasi tufayli Markaziy Osiyo va unga yondosh mintaqalarda ayniqsa jiddiy sezilmoqda.

Mirziyoyev yig‘ilganlarning e’tiborini ayrim faktlarga qaratdi.

Masalan, Markaziy Osiyoda havo haroratining oshishi jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan ikki baravar ko‘p, so‘nggi yillarda favqulodda issiq kunlar soni 2-marta ortgan, muzliklar maydonining uchdan bir qismi erib yo‘qolgan.

Tuproq yemirilishi, muntazam chang va qum bo‘ronlari, ichimlik suvi taqchilligi, havo ifloslanishi, bioxilma-xillik qisqarishi, hosildorlikning keskin pasayishi va ko‘plab boshqa muammolar mintaqada istiqomat qilayotgan millionlab odamlarning turmushi sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Prezident “yashil” iqtisodiyotga o‘tish va uglerod neytralligiga erishish O‘zbekistonning ustuvor strategik vazifasi ekanini ta’kidlagan.

“So‘nggi yillarda yurtimizda muqobil energiya ulushi ikki baravarga ko‘paydi. Biz 2030-yilga borib 25 gigavatt qayta tiklanuvchi energiya quvvatlari barpo etamiz. “Yashil” vodorod ishlab chiqarish bo‘yicha ilk amaliy qadamlarni tashladik. “Yashil makon” tashabbusi doirasida mamlakatimizda 1 milliard tup ko‘chat ekilmoqda. Orol dengizining qurigan tubida 2 million gektar maydonda o‘rmonlar barpo etdik”, degan O‘zbekiston yetakchisi.

Tadbir kun tartibidagi asosiy masalalarga o‘tar ekan, O‘zbekiston Prezidenti qator takliflarni ilgari surdi.

Jumladan, Mirziyoyev Parij shartnomasi doirasida Iqlim o‘zgarishiga moslashish sohasidagi Global hadli mexanizmni tezroq kelishishga chaqirdi.

Shu ma’noda, Markaziy Osiyo iqlim muloqoti platformasida ishlab chiqilayotgan Moslashuv strategiyasi qayd etildi.

“Kecha “Yo‘qotish va zararlar” global jamg‘armasini tashkil etish bo‘yicha qabul qilingan muhim qarorni yuksak baholaymiz”, deydi Mirziyoyev.

Bildirilishicha, ushbu mexanizmlar Jahon banki va xalqaro moliya institutlari tomonidan faol qo‘llab-quvvatlanishi, eng avvalo, iqlim o‘zgarishidan katta aziyat chekayotgan mamlakatlarga salmoqli yordam beradi.

“Global miqyosda kam uglerodli iqtisodiyotga o‘tish adolatli, shaffof va inklyuziv bo‘lishi shart. Bunda rivojlanayotgan davlatlarning manfaatlari albatta inobatga olinishi juda muhim. Bu muammoni muntazam ravishda, “Katta yettilik” va “Katta yigirmalik” formatlari kun tartiblarida doimiy ko‘rib chiqib chiqilishi maqsadga muvofiq”, deya ta’kidlagan O‘zbekiston Prezidenti.

Shuningdek, Mirziyoyev Orolbo‘yi hududini Innovatsiyalar, texnologiyalar va yangi imkoniyatlar mintaqasiga aylantirish uchun bu yerda ilg‘or bilim, tajriba va yechimlarni qo‘llash maqsadida Iqlim texnologiyalari xalqaro ekspo-xabini yaratishda barchani yaqin hamkorlikka taklif etdi.

Bundan tashqari, Prezident Toshkentdagi “Yashil universitet” negizida tashkil etilayotgan Iqlim ilmiy forumi doirasida yaqin ilmiy almashinuvni yo‘lga qo‘yish va qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazishga chaqirdi.

Shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan 2024 yili O‘zbekistonda “Iqlim migratsiyasi” mavzusida konferensiyani o‘tkazish rejalashtirilgan.

Mirziyoyev Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda “Yashil bandlik” dasturini ishlab chiqish, Iqlim o‘zgarishining bandlikka ta’sirini modellashtirish markazini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.

Prezident iqlim muammolarini samarali yechishga yoshlarni faol jalb qilish uchun O‘zbekiston BMT Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasining Yoshlar forumini tashkil etishga tayyor ekani qayd etdi.

“O‘zbekiston iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash bo‘yicha umumbashariy g‘oyalarga doimo sodiqdir. Bu ezgu maqsadda kelgusi yili Samarqand xalqaro iqlim forumini o‘tkazish va BMTning alohida rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusini qo‘llab-quvvatlashga chaqiraman”, deydi Mirziyoyev.

So‘zining yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev Dubaydagi sammit natijalari sayyoraning yanada barqaror, farovon va xavfsiz kelajagini ta’minlash yo‘lida barcha mamlakatlar va xalqlarni yaqinlashtirishga xizmat qilishiga ishonch bildirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Dubay BMT COP28

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing