Mirziyoyev 2026 yilgi “Kelajak o‘yinlari”ni O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif qildi (video)
Jamiyat
−
22 fevral
9280O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 21 fevral kuni Rossiyaning Qozon shahrida “Kelajak o‘yinlari” birinchi xalqaro multisport musobaqasining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
“Qozon Ekspo” xalqaro ko‘rgazmalar markazida bo‘lib o‘tgan tadbirda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Belarus rezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon va boshqa xorijiy mehmonlar ham qatnashdi.
Ishtirokchilar e’tiboriga “Kelajak o‘yinlari” dasturiga kirgan sport turlari haqida videolavha va teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishi taqdim etildi.
Shavkat Mirziyoyev ishtirokchilarga omad tilab, 2026 yilgi “Kelajak o‘yinlari”ni O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif qildi.
Marosimdan so‘ng oliy martabali mehmonlar maxsus ko‘rgazma bilan tanishdi. Virtual makondagi bellashuvlar va an’anaviy sportni o‘zida mujassam etgan “fijital-sport” konsepsiyasi to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Yetakchilar kibersport musobaqalarini, fijital-futbol bo‘yicha mashg‘ulotlar jarayonini kuzatdi, sportdagi yangi yo‘nalishning bugungi rivoji va istiqbollari haqida hikoya qiluvchi tasviriy san’at namunalari va taqdimotlar bilan tanishdi.
Shavkat Mirziyoyevning Qozon shahriga amaliy tashrifi yakuniga yetgach, Abdulla To‘qay nomidagi xalqaro aeroportda oliy martabali mehmonni Tatariston Raisi Rustam Minnixanov kuzatib qo‘ydi. Mirziyoyev Toshkentga jo‘nab ketdi.
Ma’lumot uchun, “Kelajak o‘yinlari” – bellashuvlar bir vaqtning o‘zida sportning an’anaviy turlari va ularning raqamli muqobillarida o‘tkaziladigan yuqori texnologik musobaqadir. U joriy yilning 21 fevral kunidan 3 mart kuniga qadar davom etadi.
Turnirda 100 dan ortiq mamlakatdan qariyb 300 ta jamoa, shu jumladan O‘zbekiston vakillari ishtirok etmoqda. O‘zbekistonlik sportchilar fijital-xokkey, virtual velopoyga, sport dasturlash kabi yo‘nalishlarda kuch sinashadi.
LiveBarchasi