Mirziyoyev Haydar Aliyevning qabrini ziyorat qildi
Olam
−
03 iyul 5113 2 daqiqa
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 3 iyul Ozarbayjonga davlat tashrifining ikkinchi kunida Baku shahrida Ozarbayjon xalqining umummilliy yetakchisi Haydar Aliyev qo‘nim topgan Faxr xiyoboniga tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zbekiston rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.
Mirziyoyev Haydar Aliyev qabriga gul qo‘yib, Ozarbayjonning buyuk davlat va siyosat arbobi xotirasiga ehtirom ko‘rsatgan.
“Haydar Aliyev haqli ravishda mustaqil Ozarbayjonning asoschisi hisoblanadi. Uning rahbarligida mamlakatning jadal rivojlanishi va xalqaro maydondagi nufuzi yuksalishi uchun mustahkam poydevor yaratilgan.
Uning davlat qurilishi va milliy suverenitetni mustahkamlashga qo‘shgan hissasi Ozarbayjon tarixida alohida o‘rin tutadi”, deyiladi xabarda.
O‘zbekistonda Haydar Aliyev qardosh davlatlar o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarini rivojlantirish va mustahkamlashga katta ahamiyat bergan davlat arbobi sifatida chuqur hurmat qilinadi.
Ma’lumot uchun, Haydar Aliyev 1923 yil 10 mayda Ozarbayjonning Naxichevan shahrida tug‘ilgan va 2003 yil 12 dekabrda vafot etgan. U Ozarbayjon tarixidagi eng muhim siyosatchilardan biri hisoblanadi. Dastlab KGB tizimida ishlagan, keyin 1969 yildan 1982 yilgacha Ozarbayjon SSR rahbari bo‘lgan. So‘ngra 1982 yildan 1987 yilgacha SSSR Vazirlar Soveti raisining o‘rinbosari lavozimida ishlagan. Mustaqillikdan so‘ng, 1993 yilda Ozarbayjon Prezidenti etib saylangan va 2003 yilgacha mamlakatni boshqargan. U neft strategiyasi va xorijiy sarmoyalarni jalb qilish orqali mamlakat iqtisodiyotini mustahkamladi. Haydar Aliyev Ozarbayjonda barqarorlikni ta’minlagan va milliy yetakchi sifatida e’tirof etilgan. Uning o‘g‘li Ilhom Aliyev 2003 yildan beri Prezident lavozimini egallab kelmoqda.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 2 iyul kuni Bakudagi “Zagulba” qarorgohida Ozarbayjonga davlat tashrifi bilan kelgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olish marosimi bo‘lgandi. Muzokaralar yakunida Mirziyoyev va Aliyev Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yig‘ilishi qarorini qabul qildi. Davlat rahbarlari huzurida qator ikki tomonlama hujjatlar almashildi. O‘zbekistonning Baku shahridagi elchixonasi yangi binosining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.