Mirziyoyev Sultonov va Qo‘chqorovga yangi vazifalar yukladi
Jamiyat
−
21 fevral 2019
8417O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev neft-gaz hamda kimyo sanoatida olib borilayotgan islohotlar natijadorligini tahlil qilish, ushbu tarmoqlarni tizimli rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazgani haqida xabar bergan edik.
Mazkur yig‘ilishda Energetika (Alisher Sultonov) va Moliya (Jamshid Qo‘chqorov) vazirliklariga “Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasining tozalangan metani negizida sintetik suyuq yoqilg‘i (GTL) ishlab chiqarishni tashkil etish” loyihasi bo‘yicha 2,3 milliard dollarlik xorijiy kreditlarning moliyalashtirish shartlarini belgilash, “Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasining ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish” loyihasi bo‘yicha “Gazprombank”ning 300 million dollarlik krediti jalb qilish vazifasi yuklatildi.
Muborak gazni qayta ishlash zavodi, Sho‘rtanneftgaz va Gazlineftgaz korxonalarida suyultirilgan gaz ishlab chiqarish, neft va gaz qazib chiqarish, geologik qidiruv uskunalarini sotib olish kabi loyihalarga talab etiladigan mablag‘larni mamlakatimizning yevroobligatsiyalari hisobidan moliyalashtirish lozimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, geologik qidiruv ishlari murakkab bo‘lgan hududlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish ishlari talab darajasida emasligi ko‘rsatib o‘tildi.
Bundan tashqari, yig‘ilishda tizimda to‘planib qolgan debitor qarzdorlikni kamaytirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.
LiveBarchasi