Mirjalol Qosimov “Barselona” afsonalariga qarshi o‘ynamaydigan bo‘ldi
Sport
−
26 avgust 2023
17797Avvalroq o‘zbekistonlik taniqli sobiq futbolchi, Olmaliqning OKMK futbol klubi murabbiyi Mirjalol Qosimov “Barselona” va Markaziy Osiyo futbol afsonalari o‘rtasidagi o‘rtoqlik uchrashuvida ishtirok etishi haqida xabar bergan edik. Buni hatto Ispaniya klubi axborot xizmati ham tasdiqlagandi. Biroq OKMKning tur o‘yinlari boshlanib qolgani sabab, mazkur nufuzli musobaqa Qosimovning ishtirokisiz o‘tadigan bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qildi.
Vitse-prezidentning aytishicha, Mirjalol Qosimov boshchiligidagi OKMK klubining tur o‘yinlari boshlanib qolgani sabab “Barselona” va Markaziy Osiyo futbol afsonalari o‘rtasidagi o‘rtoqlik uchrashuvida ishtirok eta olmaydi. Uning o‘rniga Birodar Abduraimov va Server Jeparovlar ishtirok etishi kutilmoqda.
Mazkur o‘yin joriy yilning 30 avgust kuni Qirg‘izistonning Bishkek shahrida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Ushbu bahsda “Barsa”ning sobiq futbolchilari: Ronaldino, Rivaldo, Karles Puyol, Xaver Saviola, Ronald de Bur, Juliano Beletti, Franchesko Kokular va boshqalar ishtirok etadi.
“Osiyo afsonalari” tarkibida esa Hidetoshi Nakata, Andrey Kanchelskis, Muhsin Muhammadiyev va boshqalar maydonga tushishi kutilmoqda.
Shuningdek, uchrashuvni FIFA'ning eng yaxshi sobiq hakamlaridan biri va jahon chempionatlari tarixida bosh hakam sifatida o‘tkazilgan o‘yinlar soni bo‘yicha rekord (11 ta) natija qayd etgan o‘zbekistonlik Ravshan Ermatov boshqarib boradi.
LiveBarchasi