Endi tushumi 1 mlrddan oshmagan YATTlar cheklar kitobchasini yuritadi
Jamiyat
−
21 mart 2019
11104O‘zbekistonda yakka tartibdagi tadbirkorlar faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha bir qator chora tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda ularning faoliyat jarayonini yanada soddalashtirish maqsadida, YATT tomonidan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumni hisoblash va soliqlar to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanalida ma’lum qilindi.
Ushbu nizomga muvofiq, tushumi bir milliard so‘mdan oshmagan yakka tartibdagi tadbirkorlar daromadlarni va tovar operatsiyalarini hisobga olish registrlari hamda tovar cheklari kitobchasini yuritadi.
Nazorat-kassa mashinalarini qo‘llamasdan faoliyat yuritadigan yakka tartibdagi tadbirkor tovar cheklari kitobchasini soliq organlarida ro‘yxatdan o‘tkazishi kerak.
Hisobga olish kitobidagi yozuvlar ularni to‘g‘riligini tasdiqlash uchun, u bilan birga saqlanadigan hujjatlar asosida yuritiladi.
Quyidagilar tovarlarning sotilganligini tasdiqlaydigan hujjat hisoblanadi:
• nazorat-kassa mashinasi umumiy ko‘rsatkichi;
• plastik kartochkalar orqali to‘lovlar qabul qilish bo‘yicha hisob-kitob terminallari cheklari nusxalari;
• tovar cheklari kitobchasi.
Bundan buyon hisobga olish kitobiga ma’lumotlar kunlik kiritiladi.
Tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan tushum oylar davomida o‘sib boruvchi tushumdan kelib chiqib aniqlanadi.
Tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan tushum 100 million so‘mdan oshgan, biroq bir milliard so‘mdan oshmagan yakka tartibdagi tadbirkorlar yagona soliq to‘lovini to‘lashga o‘tkaziladi.
Kalendar yilida tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan tushumi 100 million so‘mdan oshmagan yakka tartibdagi tadbirkorlar qat’iy belgilangan soliqni to‘laydi.
Nizomga muvofiq, tushumlari 100 million so‘mdan oshmagan yakka tartibdagi tadbirkor tovar aylanmalari bo‘yicha hisobotlarni chorak yakuni bilan keyingi oyning 10-kunidan kechiktirmay taqdim etishi lozim.
LiveBarchasi