Minglab namoyishchilar Netanyaxuning qarorgohiga bostirib kirdi (video)

Olam

image

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu mamlakatda noroziliklarga sabab bo‘lgan sud-huquq islohotini to‘xtatishga chaqirgan Isroil Mudofaa vaziri Yoav Galantni ishdan bo‘shatdi. Bu haqda “Jerusalem Post” xabar berdi. 

Qayd etilishicha, 25 mart kuni televideniyeda gapirgan Galant taklif etilayotgan sud-huquq islohoti jamiyatda ulkan bo‘linishni, shuningdek, armiyaga ham misli ko‘rilmagan g‘azab, og‘riq va umidsizlik hissini keltirib chiqarishini aytgan. U tashabbusni hozirgi shaklda qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortib, konstruktiv muloqotga chaqirgan.

Bu bayonotdan so‘ng Netanyaxu Galantni chaqirtirgan va shaxsan o‘zi unga bo‘lgan ishonchi yo‘qolganini, Gallant endi Mudofaa vazirligini boshqara olmasligini ma’lum qilgan.

Bosh vazirning Mudofaa vazirini ishdan bo‘shatish haqidagi qaroridan so‘ng, Quddusda minglab namoyishchilar yig‘ilgan. Minglab norozilar yirik Ayalon shossesini to‘sib, hukumat rahbari qarorgohi tomon yo‘l olgan. Namoyishchilar qarorgoh oldidagi oxirgi politsiya nazorat punktini buzib o‘tgan va voqea joyida shiddatli to‘qnashuvlar sodir bo‘lgan. Huquq-tartibot idoralari namoyishchilarni suv purkagichlar va ko‘zni yoshlantiruvchi gaz bilan siqib chiqarishga harakat qilgan. 

Manbalarga ko‘ra, taxminan besh soatdan keyin Isroil politsiyasi namoyishchilarning mamlakatning asosiy magistralini ikki yo‘nalishda to‘sib qo‘ygan qoldiqlarini tarqatib yuborgan.

Ma’lumot uchun, Isroilda uchinchi oydirki, hukumatning Oliy sud vakolatlarini cheklash rejalari tufayli xalq noroziliklari tinmayapti. Netanyaxu hukumati taklif etayotgan sud-huquq islohoti Oliy sud sudyalarini saylash jarayoni ustidan nazoratni parlamentdagi asosiy partiya fraksiyasiga o‘tkazishni nazarda tutadi. Rasmiylar Oliy sudga hukumat qarorlarini bekor qilish imkonini beruvchi qonunchilik tamoyilidan ham voz kechmoqchi. Shuncha norozilikka qaramay, Netanyaxu islohotlarni to‘xtatishdan bosh tortmoqda.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Bosh vazir Binyamin Netanyaxuning Londonga tashrifi sharmandali tarzda boshlangandi. U namoyishchilarning hushtaklari va haqoratli hayqiriqlari ostida Rishi Sunak bilan ko‘rishgan.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil Netan'yaxu norozilik sud-huquq islohoti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing