Mingbuloqqa yangi hokim tayinlandi
Jamiyat
−
07 avgust
4708Namangan viloyati Mingbuloq tumaniga Ahror Mansurov hokim etib tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Bugun, 7 avgust kuni xalq deputatlari Mingbuloq tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tgan. Unda tashkiliy masala ko‘rilgan. Sessiyada Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov kun tartibidagi masala yuzasidan ma’ruza qilgan.
Deputatlar Namangan viloyati hokimining Mingbuloq tumani hokimi Nurshod Xudoyberdiyevni lavozimidan ozod etish to‘g‘risidagi qarorini bir ovozdan ma’qullab, Mansurov Ahror Ahmadaliyevichni Mingbuloq tumani hokimi etib tayinlash to‘g‘risidagi qarorini bir ovozdan tasdiqladi.
Qayd etish joizki, Nurshod Nurmamatovich Xudoyberdiyev viloyat hokimining 2019 yil 20 martdagi 203-sonli qarori bilan Mingbuloq tumani hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan. 2020 yil yanvar oyida ijtimoiy tarmoqlarda Mingbuloq tumani hokimiga tegishli ekani aytilgan audioyozuv tarqaldi. Audioda hokim xodimlarini haqoratlaganini eshitish mumkin edi. O‘shanda fermerlarni so‘kib, haqorat qilgan Mingbuloq tumani hokimiga nisbatan chora ko‘rilib, Nurshod Xudoyberdiyev 4 mln 460 ming so‘m jarimaga tortildi.
Joriy yilning 17 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash yuzasidan birinchi yarim yillikda amalga oshirilgan ishlar va kelgusi vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida Bosh vazir Abdulla Aripovning Mingbuloq tumani hokimini ishdan olish bo‘yicha taklifi qo‘llab-quvvatlandi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq G‘ozg‘on shahri, Furqat, Toshkent va Taxiatosh tumanlariga hokimlar tayinlangandi.
LiveBarchasi