“Miltiq bo‘lsa, otib tashlang”. Surxondaryoda maktab direktori viloyat hokimi bilan janjallashdi (video)

3-sahifa

image

Bugun, 3 avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati Sarioisiyo tumanidagi 28-maktabning direktori viloyat hokimi bilan janjallashgani aks etgan video tarqaldi. 

Videoda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov direktorni o‘rnidan turg‘azib, uni “maktabdagi muhitni buzganlik”da, “viloyatni butun dunyoga sharmanda qilganlik”da ayblagan. 

Bunga javoban, direktor T.U. o‘ziga nisbatan aytilgan ayblovlarni rad etib, “miltiq bo‘lsa, otib tashlang”, deya e’tiroz bildirgan.

“Mening nima aybim borki, ishdan olyapsiz? Muhitni buzding, deysiz nima muhitni buzdim men? Maktabning tomorqasigacha sotib yuborishyapti, indamaysiz. Ahvolni o‘rganadigan odam yo‘q, hammasining tili bir. O‘zi 20 fevralda ishga kelgan bo‘lsam, nima qilibman men?” degan maktab direktori.

Shundan so‘ng viloyat hokimi uning e’tirozlariga qarshi chiqib, direktorning bunday gapirishga “haqqi yo‘qligini” uqtirgan.

“Nima uchun haqqim yo‘q ekan? Miltiq bo‘lsa, otib tashlang meni. Avval borib ko‘ring, maktabning nima muammosi borligini biling. Bularning hammasining tili bir, meni sudlangan denyapti. Qachon sudlandim men?
Janob viloyat hokimi, miltiqni olingda, meni otib tashlang. Sizga to‘g‘ri ma’lumot kiritadigan odamning o‘zi yo‘q ekan yoningizda. Haqiqatni endi men aytaman, shu yerda oxirigacha o‘tiraman va hamma gapni eshitaman. Viloyat hokimiga to‘g‘ri ma’lumot kiritish kerak edi” deya o‘z e’tirozini bildirishda davom etgan maktab direktori.

Ammo uni ichki ishlar organi xodimlari majlisdan majburan olib chiqib ketgan.
Janjal shu bilan tugumay, organ xodimlari hatto uning sumkasini tekshirmoqchi ham bo‘lgan.
Selektordan so‘ng esa T.U hibsga olingan va uning maktabga direktorlik qilgan davrini qayta tekshiruvdan o‘tkazish boshlangan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu mojaroning asl ildizi 2021 yilgi voqealarga borib taqaladi. O‘shanda Sariosiyo tumanidagi 28-maktabning bir guruh o‘qituvchilari maktab direktori T.U. o‘qituvchilarga zug‘um o‘tkazib, ularning dars soatlarini qisqartirib yuborgani hamda malakali kadrlarni ishdan bo‘shatganini aytib, respublika rahbariyatiga murojaatlar yo‘llagan. O‘qituvchilar mahalliy internet nashrlaridan birini maktabga taklif qilib, undan holatni o‘rganishni so‘ragan. T.U. maktabga borgan jurnalistlarni haydab chiqarib, ularning kamerasini sindirib tashlagan. Ushbu holat jamoatchilik o‘rtasida keng muhokamalarga sabab bo‘lganidan so‘ng T.U. ga nisbatan o‘z lavozim majburiyatlariga sovuqqonlik bilan yondashib, fuqarolar va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashda ijro intizomini va odob-axloq qoidalarini buzganligi uchun hayfsan chorasi qo‘llangan. 2021 yilning 10 dekabrida esa u ishdan bo‘shatilgan. Biroq, 2022 yil 10 fevral kuni uning ishdan olinishi noqonuniy bo‘lgan, degan xulosaga kelinib, maktab direktorligiga qayta tayinlangan. 

Bugun tarqalgan videodagi holatda hokim Ulug‘bek Qosimov “butun dunyoga sharmanda qildingiz” deganda aynan shu voqealarni nazarda tutgan bo‘lishi mumkin. 

Vaziyatga Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova ham munosabat bildirib, T.U. ma’muriy qamoq jazosidan ozod qilinganini va holat shaxsan uning nazorati ostida ekanini ma’lum qilgan. 

“Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi 28-maktab direktori bilan bog‘liq vaziyatni shaxsan o‘z nazoratimga oldim. Maktab direktori ayni damda ma’muriy qamoq jazosidan ozod etildi. Shu o‘rinda ta’lim sohasida faoliyat yuritayotgan har bir shaxs o‘z muomala madaniyati bilan barchaga o‘rnak bo‘lishi lozimligini eslatib o‘tmoqchiman”, deb yozadi u o‘zining Telegram-kanalida.


Maqola muallifi

Teglar

Surxondaryo janjal Ulug'bek Qosimov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing