“Milliy tiklanish” partiyasi TikTok'ni butkul taqiqlashni taklif qildi
Jamiyat
−
14 Sentabr 2021
4176“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Feruza Muhammadjonova TikTok ijtimoiy tarmog‘ini butunlay bloklash taklifi bilan chiqdi.
Deputatning ta’kidlashicha, Navoiy shahridagi ikki o‘quvchi qiz dars paytida TikTok ijtimoiy tarmog‘i orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga chiqib, nojo‘ya so‘zlar ishlatgani jamoatchilikning haqli e’tiroziga sabab bo‘lgan. Muhammadjonovaga ko‘ra, ushbu vaziyat umumta’lim maktablarida ma’naviy muhitning nosog‘lomligidan, tarbiya jarayonining yetarli darajada tashkil etilmayotganidan dalolat beradi.
“Afsuski, hozirda odob-axloqqa zid harakatlar media makonida urchib yotibdi. Ko‘p holda videoroliklarning asosiy qahramonlari maktab o‘quvchilari ekanligi masalaga yechim beradigan va uning ijrosini ta’minlaydigan soha vakillarini chuqurroq o‘ylantirishi kerak”, deydi Feruza Muhammadjonova.
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi bularni inobatga olgan holda quyidagi takliflarni ilgari surgan:
• voyaga yetmaganlar tomonidan qilinadigan bunday xatti-harakatlarga nisbatan javobgarlikni kuchaytirish;
• TikTok faoliyatini butunlay cheklash, chunki partiya bu tarmoqni bolalar uchun xavf maydoni deb hisoblaydi;
• TikTok’ka o‘xshagan axborot manbalari hisobiga to‘g‘ri kelayotgan infoepidemiyaning oldini olish uchun qonuniy choralarni kuchaytirish.
“Navoiyda so‘kong‘ich qizlar bilan bo‘lib o‘tgan hodisa nafaqat ta’lim, mahalla, huquq tartibot idoralari mutasaddilari, balki yoshlar tarbiyasiga bevosita mas’ul tashkilotlarga va keng jamoatchiligimizga ogohlik qo‘ng‘irog‘i bo‘lishi darkor.
Biz farzandlar kamolotiga to‘sqinlik qiladigan har qanday xavflarni o‘zimiz aniqlab, uni hamkorlikda bartaraf etib, maktabni chin ma’noda ta’lim-tarbiya o‘chog‘iga aylantirishimiz mumkin. Bu borada jadidimiz Fitratning ‘Oiladagi yaxshi tarbiya maktab uchun katta madad’ ekanligi haqidagi fikrlarini hisobga olib harakat qilishimizdan boshqa chora yo‘q!”, deya xulosa qilgan partiya yetakchisi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston hududida Twitter, TikTok va “VKontakte” cheklandi. Avvalroq O‘zbekiston yuqoridagi kompaniyalarga serverlarini O‘zbekistonga ko‘chirish bo‘yicha talabnomalar yuborgandi. Shundan so‘ng, joriy yilning 2 iyulida “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi Qonunning 27-1-moddasi talablariga zid ravishda O‘zbekiston fuqarolarining shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berilayotgani uchun ayrim ijtimoiy tarmoqlar faoliyatiga cheklov o‘rnatilgan.
LiveBarchasi