Milliy gvardiyaga qo‘shimcha vakolat beriladi
Jamiyat
−
30 noyabr 2021
19833Endilikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida ommaviy tadbirlarni o‘tkazishda hamda istirohat bog‘lari, xiyobonlar va bozorlarda jamoat tartibini saqlashni tashkil etish bevosita Milliy gvardiya bo‘linmalari tomonidan amalga oshiriladi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilandi.
Hujjatga muvofiq 2022-2023 yillarda tuman ichki ishlar organlari tarkibidagi konvoy bo‘linmalari bosqichma-bosqich viloyat ichki ishlar organlarining bevosita bo‘ysunuviga o‘tkazilib, yagona boshqaruv tizimi asosida tumanlararo xizmat o‘tash tamoyiliga muvofiq qayta tashkil etiladi.
Farmon bilan Milliy gvardiya (R.M.Jo‘rayev) ga quyidagilar yuklatildi:
- Adliya vazirligi (R.Q.Davletov) bilan birgalikda bir oy muddatda jamoat tartibini saqlash sohasida sodir etiladigan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolati ichki ishlar organlari bilan bir qatorda Milliy gvardiyaga berilishi bo‘yicha qonun loyihasini kiritish;
- bir oy muddatda hududlarning xususiyatlaridan kelib chiqqan holda jamoat tartibini saqlash faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida 2022 yilda Namangan, Farg‘ona, Andijon va Surxondaryo viloyatlaridagi, 2023 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlaridagi Milliy gvardiyaning harbiy qismlarida muddatli harbiy xizmatni kengaytirish bo‘yicha asoslantirilgan takliflar kiritish.
LiveBarchasi