Milliy gvardiya xodimlariga fuqarolar avtomobilidan majburiy foydalanish huquqi berildi

Jamiyat

image

Endilikda Milliy gvardiya xodimi jarohatlangan shaxslarni shifoxonaga yetkazish, jinoyatda gumonlanayotganlarni ta’qib qilish va boshqa zarur holatlarda davlat organlari va fuqarolarning shaxsiy avtomobilidan foydalanishi mumkin. Bu haqda O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining joriy yil 3 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi organlari tomonidan davlat organlari, boshqa tashkilotlar va fuqarolarning transport vositalaridan majburiy tarzda foydalanish natijasida yetkazilgan mulkiy zararning o‘rnini qoplash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorida belgilandi.

Qarorga muvofiq:

  • Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchilari (xodimlari) shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj fuqarolarni tibbiyot muassasalariga yetkazish, jinoyatlar sodir etishda gumon qilinayotgan shaxslarni ta’qib qilish va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga olib borish, hodisa joyiga yetib olish uchun davlat organlarining, boshqa tashkilotlarning va fuqarolarning transport vositalaridan majburiy tartibda foydalanishi mumkin;
  • transport vositalaridan majburiy tarzda foydalanish natijasida yetkazilgan mulkiy zararning o‘rni qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tomonidan qoplanadi.

Yetkazilgan mulkiy zararning o‘rnini qoplash masalalarini o‘rganish bo‘yicha Milliy gvardiya organlari boshliqlari (komandirlari) tomonidan tasdiqlangan tegishli xizmat mutaxassislaridan iborat bo‘lgan doimiy komissiyalar (keyingi o‘rinlarda — Komissiya) tuziladi.

Transport vositasidan majburiy tarzda foydalangan Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi (xodimi) holat bo‘yicha barcha tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilingan bildirgi bilan birgalikda uch kun muddatda Milliy gvardiya organlari rahbariga murojaat qiladi.

Mulkiy zararning o‘rnini qoplash uchun transport vositasining egasi yoki uning vakili Milliy gvardiya organlari rahbariga quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda ariza bilan murojaat qiladi:

  • transport vositasidan majburiy foydalanganlik natijasida yetkazilgan mulkiy zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risida ariza;
  • transport vositasini qayd etish guvohnomasi (texnik pasporti) nusxasi;
  • transport vositalaridan foydalangan Milliy gvardiya organlari harbiy xizmatchisining (xodimining) identifikatsiyalovchi hujjati;
  • yuridik yoki jismoniy shaxsning vakili uchun — vakil sifatida murojaat qilish huquqini tasdiqlovchi hujjat.

Milliy gvardiya organi rahbari bildirgi (ariza) tushgan kundan boshlab bir kun ichida masalani o‘rganib chiqish uchun Komissiyaga taqdim etadi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

371

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing