Milliy gvardiya xodimiga qarshilik ko‘rsatishga jarima belgilandi
Jamiyat
−
07 noyabr 2019
5662Milliy gvardiya organlari faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan qonun hujjatlariga tuzatishlar kiritildi. Bu haqda “Norma” xabar berdi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yangi ikkita modda kiritildi. Ularda Milliy gvardiya harbiy xizmatchisining (xodimining) qonuniy talablarini bajarmaslik yoki uning o‘z xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilganlik uchun jarimalar nazarda tutilgan (quyidagi jadvalga qarang). Mazkur holatda Milliy gvardiya organlari tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuziladi, bunday ishlar ma’muriy sudlarda ko‘rib chiqiladi.
Shuningdek huquqbuzarlikni sodir etish sabablarini hamda uni sodir etishga olib keluvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish yuzasidan Milliy gvardiyaning yozma taqdimnomalarini bajarish choralarini ko‘rmaslik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilishiga sabab bo‘ladi (MJTKning 196-moddasi).
Idora xodimlariga quyidagi huquqlar berildi:
• yuridik shaxslarning qo‘riqlanadigan ob’ektlari va boshqa xil mol-mulkiga tajovuz qilgan huquqbuzarlarni Milliy gvardiya organlariga ushlab keltirish;
• MJTKning 61, 1851, 1941 va 1951 (yangi kiritilgan moddalarni yuqoridagi jadvaldan qarang), 198 va 2101-moddalari bo‘yicha aybdorlarni ma’muriy yo‘l bilan ushlab turish;
• shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazish va ashyolarni ko‘zdan kechirish.
Boshqa tuzatishlar qatori organning huquqbuzarliklarning oldini olish sohasidagi vakolatlari aks ettirildi; xodimlarning siyosiy partiyalarga a’zo bo‘lishi taqiqlandi; Milliy gvardiyaning qo‘riqlash bo‘linmalari – yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘ini to‘lashdan, ularning xizmatlari esa QQSdan ozod etildi.
LiveBarchasi