Milliy Gvardiya ayol harbiy xizmatchilari tog‘da tayyorgarlik mashg‘ulotini o‘tkazishdi
Jamiyat
−
15 mart 2019
14229Allaqachon bahor fasli kirib kelgan bo‘lsada, tog‘li hududlarda hamon qish faslining sovuq haroratini his qilish mumkin.
O‘zbekistonning tinchligi va osoyishtaligini ta’minlashdek mashaqqatli va sharafli kasbga o‘zlarini baxshida qilgan hamda Milliy gvardiya maxsus bo‘linmalarida xizmat qilayotgan bir guruh ayol harbiy xizmatchilar Chotqol tog‘ tizmasining Chimyon tog‘ bag‘irlarida o‘tkazilayotgan o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etdilar.
Mashg‘ulot qatnashchilari uch kun davomida havo harorati 4-6 daraja bo‘lgan tog‘ sharoitidagi og‘ir holatlarda bardoshlilik, aholiga tezkorlik bilan yordam berish, fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash ko‘nikmalarini hamda jangovar harakatlarni bajarish tajribasini oshirishga qaratilgan vazifalarni bajardilar.
Aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, ayol harbiy xizmatchilar dengiz sathidan 2500 metr balandlikda joylashgan o‘quv mashg‘ulot maydonchasida chang‘i uchish va o‘q otish tayyorgarligi, qoyalar va tabiiy tog‘ to‘siqlaridan o‘tish mashqlari o‘tkazildi. Harbiy xizmatchilar bu kabi aniq va mukammal harakatlanishni talab etadigan vazifalarni bajarish chog‘ida, duch kelish ehtimoli bo‘lgan to‘siqlarni bartaraf etishning bir qator usul va uslublarini amaliyotda sinab ko‘rdilar.
Bunday amaliy mashg‘ulotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad Milliy gvardiya harbiy xizmatchilarining har qanday vaziyatda to‘g‘ri va aniq qaror qabul qila olishlari hamda yuklatilgan vazifalarni bajarishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan to‘siqlarni yengib o‘tishda mustahkam ishonchga ega bo‘lishlarini ta’minlashdir.
LiveBarchasi