Milliarderlar, sionistlar va BMT rasmiysi: G‘azo taqdiri kimlarning qo‘lida qolmoqda?

Tahlil

image

Joriy hafta boshida Britaniya sobiq bosh vaziri Toni Bler rahbarligidagi G‘azoning kelajakdagi boshqaruv rejasi haqidagi hujjat tarmoqlarga sizdirildi.

Iroq urushiga Britaniyani boshlab kirgan va lavozimni tark etganidan so‘ng butun dunyo bo‘ylab pul ishlash va ta’sir doirasini kengaytirish bilan shug‘ullangan Bler Falastin anklavidagi o‘tish boshqaruv organi rahbari sifatida ko‘rib chiqilayotgani aytilmoqda.

Buyuk Britaniyaniнг sobiq bosh vaziri Toni Bler

GITA (Gaza International Transitional Authority – G‘azo xalqaro o‘tish ma’muriyati) uchun taklif qilingan rejaga ko‘ra, boshqaruv tuzilishi shunday bo‘ladi:

  • Yuqorida – xalqaro darajadagi milliarderlar va biznesmenlardan iborat kengash;
  • Pastda – qattiq tekshiruvdan o‘tgan, “neytral” deb baholangan falastinlik ma’murlar.

Bu ma’muriyat Isroil, Misr va AQSH bilan yaqin hamkorlikda ishlaydi va “Haaretz” nashri keltirgan isroillik manbalarga ko‘ra, Oq uyning qo‘llab-quvvatloviga ega bo‘ladi.

Loyihaga ko‘ra, GITA'ni xalqaro kengash boshqaradi va u o‘tish davrida G‘azo uchun oliy siyosiy va huquqiy vakolatga ega bo‘ladi.

Hujjatda bu kengashga nomzod sifatida 4 kishi tilga olingan, ularning hech biri falastinlik emas. Ulardan biri – BMTning Yaqin Sharq tinchlik jarayoni bo‘yicha maxsus koordinatori Sigrid Kaag.

Qolgan uch kishi “ijroiy va moliyaviy tajribaga ega yetakchi xalqaro shaxslar” sifatida tavsiflangan:

  • Mark Rouen – AQSHdagi eng yirik xususiy investitsiya kompaniyalaridan birining milliarder sohibidan biri;
  • Nagib Saviris telekommunikatsiya va texnologiya sohasidagi misrlik milliarder;
  • Arye Laytstoun – Abraham Accords Peace Institute bosh direktori.

Hozircha bu shaxslardan hech biri bu vazifani rasman muhokama qilgani yoki rozilik bergani haqida ma’lumot yo‘q. Shunday bo‘lsada, Toni Blerning G‘azo uchun taklif etilgan “jamoasi”ni yaqindan o‘rganishga harakat qilamiz.

Arye Laytstoun

Arye Laytstoun – ishbilarmon va ravvin bo‘lib, u G‘azo Gumanitar Jamg‘armasi (GHF)ni yaratish va rivojlantirishda faol ishtirok etgan. Bu jamg‘arma – AQSH va Isroil qo‘llab-quvvatlagan yordlam taqsimot tizimi bo‘lib, uning G‘azodagi punktlarida 2000 dan ortiq kishi halok bo‘lgan, yana minglab odamlar yaralangan.

“Chegarasiz shifokorlar” xalqaro tibbiy tashkilot GHF faoliyatini “institutlashgan ochlik va insonni haqoratlash tizimi” hamda “tashkil etilgan qotillik” deb atagan. Bu jamg‘arma joriy yil boshida G‘azodagi asosiy yordam taqsimlovchi vazifasini BMTdan qabul qilib olgan.

Laytstoun avval AQSHning Isroildagi elchisi, yahudiylar manzilgohlari harakatining qat’iy himoyachisi Devid Fridmanning yuqori darajadagi maslahatchisi bo‘lgan. Hozirda u AQSHning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoffning yaqin maslahatchisi va yordamchisi hisoblanadi.

U Yaqin Sharq haqidagi kitob muallifi ham bo‘lib, uni Donald Trampning kuyovi Jared Kushner maqtagan. Kushner ham Toni Bler rejasida ishtirok etmoqda va G‘azoning “juda qimmatli” dengiz sohili potensiali haqida ko‘p marta gapirgan. Laytstoun rasman “Abraham Accords Peace Institute” rahbari – bu tashkilot o‘zini “tarixiy tinchlik kelishuvlariga bag‘ishlangan partiyasiz, notijorat Amerika tashkiloti” deb ta’riflaydi.

Laytstoun Ibrohim kelishuvlari – Isroilning BAA va boshqa bir necha arab davlatlari bilan rasmiy munosabatlar o‘rnatishi – bo‘yicha muzokaralar va ularni amalga oshirish jarayonlarida ham ishtirok etgan.

“Jewish News Syndicate” xabariga ko‘ra, Kushner tomonidan tashkil etilgan va amerikalik milliarderlar mablag‘ to‘lagan “Kohelet Policy Forum” bilan bog‘liq shaxslar ishlagan mazkur institutni joriy yil boshida  AQSHdagi o‘ngchi fikrli tahliliy markaz The Heritage Foundation sotib olgan.

Laytstoun BMTning qattiq tanqidchisi hisoblanadi va “Haaretz”ga ko‘ra, u Oq uy bilan hamkorlikda G‘azoning “urushdan keyingi kun” ssenariylarini ishlab chiqishda ishtirok etgan. Hujjatlarga ko‘ra, BMT bilan muzokaralarda ikki davlat yechimi masalasi ko‘tarilganida, Laytstoun “bunday qadam uchun vaqt hali to‘g‘ri emas, asosiy ustuvorlik – HAMASni maydondan chiqarish bo‘lishi kerak” degan.

2018 yilda Fridmanning maslahatchisi bo‘lganida, deklaratsiya shakllarida Laytstounning Isroil siyosati bilan bog‘liq yoki hukumat bilan shartnoma tuzishi mumkin bo‘lgan tashkilotlar bilan moliyaviy aloqalari borligi ochiqlangan. Shulardan biri – anonim tarzda asos solingan Shining City Community bo‘lib, u Isroildagi “sionizmni va davlatni himoya qilish uchun faol ishlayotganini” da’vo qiluvchi Im Tirtzu tashkilotiga taxminan 1 million dollar bergan va Laytstounga 50 000 dollargacha qarzdor bo‘lgan.

2016 yilda hatto Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ham Im Tirtzu'ni tanqid qilgan, chunki u yuzlab isroillik madaniyat arboblarini chapparast tashkilotlar bilan aloqasi borligi uchun “chet el agentlari” deb atagan kampaniya boshlagan edi.

Laytstoun bir vaqtlar Shining City'ning ijrochi direktori sifatida ham ishlagan va “Isroilga qarshi boykotlarning xavflari haqida davlat va federal amaldorlar uchun ta’lim dasturlarini ishlab chiqish” bilan shug‘ullanganini aytgan.

Nagib Saviris

Boyligi taxminan 10 milliard dollarga yaqin bo‘lgan Nagib Saviris boylar oilasidan chiqqani bilan tanilgan. Uning otasi Onsi Saviris – Misrning birinchi xalqaro konglomeratiga aylangan “Orascom” kompaniyasini asos solgan qurilish magnati edi.

71 yoshdagi Saviris asosiy boyligini telekommunikatsiya sohasida to‘plagan — u Misrdagi eng ilk mobil aloqa operatori bo‘lgan “Mobinil” (hozirgi “Orange Egypt”) kompaniyasining hammuassislaridan biri hisoblanadi. Shuningdek, u Lyuksemburgda joylashgan “La Mancha” xolding kompaniyasi orqali oltin sanoatida ham faol ishtirok etadi.

Misrlik milliarder Toni Bler bilan uzoq yillardan beri yaqin munosabatda bo‘lib keladi, bu munosabat hatto Blerning Buyuk Britaniya bosh vaziri bo‘lishidan avval boshlangan bo‘lishi mumkin.

Bler 2020 yilda Savirisning o‘g‘li Ansiyning Giza piramidalari yonida bo‘lib o‘tgan to‘yiga taklif etilgan. 2013 yilda esa ular Italiyaning o‘ng qanot siyosatchisi va sobiq prezidenti Silvio Berluskoniga tegishli villalardan biri yonida birga suratga tushgan.

Shuningdek, ular bir necha marta Savirisning Lyuks klasli yaxtasi bortida, xususiy samolyotida, Qohirada va Janubiy Afrikada ham uchrashgan. Saviris ayniqsa Yunon oroli Mikonosni yaxshi ko‘radi – u yerda ko‘chmas mulk sotib olgan va sevimli misrlik musiqachi hamda aktyorlarni u yerdagi ziyofatlariga taklif qilib turadi. 2017 yilda u Bler bilan birga Mikonosda Tom Xenks va britaniyalik biznesmen Filip Grin tashrif buyuradigan nufuzli restoranda suratga tushgan.

Saviris AQSH va Buyuk Britaniya boshchiligidagi bosqindan keyin Afg‘onistonni “qayta tiklash” jarayonida ishtirok etgan va shu paytda ham Bler bilan hamkorlik qilgan.

“Saviris avval ham Blerga maslahatlar bergan. Uning asosiy ixtisosligi – mobil tarmoqlar yaratish, shunday ekan, u asosan infratuzilma yoki qayta tiklash ishlariga javobgar bo‘ladi deb o‘ylayman. U Misrdagi eng boy odam, biroq siyosiy jarayonlarda ishtirok etishni ham yoqtiradi. U doim Twitter (hozirgi X)da faol, lekin siyosiy jihatdan Ilon Maskchalik keskin emas”, dedi visrlik tadqiqotchi Nixal El-Aasar.

El-Aasarning so‘zlariga ko‘ra, Saviris Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisining hukumatini tanqid qilgan va o‘zini “muvozanatli” shaxs sifatida ko‘rsatishni yoqtiradi.

“Biroq u hali ham Misrdagi asosiy muammo – bu iqtisodiyotda harbiylarning juda katta ishtiroki va erkin bozorning to‘liq ishlamasligi deb hisoblaydi. U erkin bozor g‘oyalarining sof tarafdori”, deydi tadqiqodchi. 

BAAning Misrga katta sarmoya kiritishi va faol ishtiroki sababli Saviris o‘z mablag‘larini mamlakat tashqarisida saqlaydi va Dubay namunasidagi “erkin iqtisodiy zona” sifatida G‘azo uchun Bler ko‘rayotgan reja bilan hamohang bo‘lgan amirliklar bilan yaqin munosabatda.

2024 yilda u “Moniify” nomli moliyaviy media-platformani tashkil etdi – u CNBC’ning yoshlar uchun mo‘ljallangan versiyasi sifatida ko‘rilgan. Platforma Dubayda joylashgan va u yerda joriy yil boshida o‘zi di-jeylik qilgan dabdabali tadbir bilan ishga tushgan. Biroq bir necha hafta o‘tiboq kompaniya yo‘qqa chiqdi, xodimlar ishsiz qoldi.

“Musulmon birodarligi” harakatining qattiq tanqidchisi sifatida u “Arab bahori”dan keyin markaz-o‘ng qanotdagi “Erkin misrliklar partiyasi”ni tuzgan. Saviris g‘arb kapitalizmiga qat’iy ishongan bo‘lsa-da, Isroil va AQSHni tanqid qilgan va hatto Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In bilan ham uchrashgan.

“Isroil ham, AQSH ham Misr uchun yaxshilikni istamaydi. Misr uchun yaxshilikni faqat misrliklar o‘zlari xohlaydi”, dedi Saviris joriy yil boshidagi intervyusida.

Mark Rouan

Uoll-stritdagi eng boy moliyachilardan biri bo‘lgan Mark Rouanning boyligi, “Bloomberg” ma’lumotlariga ko‘ra, taxminan 10,2 milliard dollarni tashkil etadi.

63 yoshli yahudiy-amerikalik Rouan “Apollo Global Management” kompaniyasining bosh ijrochi direktori (CEO) hisoblanadi. *CNN* uni “xususiy kapital dunyosidagi yirik monstr, foyda uchun har narsani qurbon qilishga tayyor sanoat” deb ta’riflagan.

Apollo hozirda 840 milliard dollarlik aktivlarni boshqaradi, ularning katta qismi Saudiya Arabistoni va BAA sarmoyadorlariga tegishli. 

“Abu-Dabi va BAA – Apollo’ning eng yirik sarmoyadorlari”, degan Rouan o‘tgan yili Isroildagi intervyusida.

O‘sha suhbatda Rouan o‘zini “Isroil va uning harbiy kuchlarining faxrli tarafdori” sifatida ta’riflagan, Isroilni “biz uchun panohgoh” deb atagan va “bu o‘ziga xos, maxsus joy, biz – tanlangan xalqmiz” degan.

U 2023 yil 7 oktyabrdagi HAMAS hujumi bo‘lgan kuni “ehtimol Abu-Dabida bo‘lganini” aytgan. 

“Endi vaziyatni o‘zgartirish imkoniyati paydo bo‘ldi. Bu vaziyat – Eron haqida”, degan u hujum haqida fikr bildirib.

2020 yilda Rouan va uning rafiqasi Kerolin Donald Trampning prezidentlik kampaniyasiga 1 million dollar xayriya qilgan. 2024 yilda esa u Tramp ma’muriyatida moliya vaziri lavozimi uchun suhbatda ishtirok etgan, va ma’lumotlarga ko‘ra, Prezident undan juda yaxshi taassurot olgan.

Rouan Pensilvaniya universitetining mashhur Uorton biznes maktabi kengashiga a’zo bo‘lib, uning yirik donorlaridan biri hisoblanadi.

2023 yilning ikkinchi yarmida u universitet rahbari va kengash raisi iste’foga chiqishi uchun kampaniya boshlagan – sababi, universitet “Palestine Writes” nomli festivalni o‘tkazgan, unda “Pink Floyd” guruhi a’zosi Rojer Uoters ishtirok etgan – Rouan uni “yaxshi ma’lum bo‘lgan antisemitlar va nafrat tarqatuvchilar” qatoriga kiritgan.

2023 yil 7 oktyabrdan keyin u universitetning “Isroilga qilingan hujum ortidan yetkazilgan og‘riqni tan olmaganidan” qattiq g‘azablangan.

Bitta akademikning ta’rificha, Rouan universitetda “og‘ir ahvoldagi muassasani Respublikachilar tomonidan tajovuzkor tarzda egallash”ni amalga oshirgan. Uning bosimi ostida universitet prezidenti Liz Magill iste’foga chiqqan.

AQSH universitetlarida Falastinni qo‘llab-quvvatlovchi namoyishlar kengayganda, Rouan ularni qattiq tanqid qildi:

“Bu antisemitizm emas. Bu – antiamerikanizm”.

Sigrid Kaag

Bu ro‘yxatdagi nomzodlar orasida eng kam bahslarga sabab bo‘lgan shaxs Sigrid Kaag bo‘lib, u Yevropada hurmatga sazovor texnokrat sifatida taniladi. U 2023 yilning oxiridan 2025 yilning o‘rtalarigacha G‘azo uchun BMTning insonparvarlik va qayta tiklash bo‘yicha bosh koordinatori sifatida xizmat qilgan.

Bundan avval Kaag BMTning Bayrut, Damashq va Quddusdagi vakolatxonalarida ishlagan, shuningdek, Niderlandiyada – o‘z vatanida – hukumatda vazir bo‘lgan.

Liberal siyosatchi yaqindagi intervyusida o‘zi va boshqa diplomatlar hamda insonparvarlik xodimlari “G‘azodagi mojaro bunday uzoq davom etadi deb hech qachon o‘ylamagan”ini aytgan. 

“G‘azo shunday vayron qilinganki, uning manzarasi Oy yuzasini esga soladi”,  degan Kaag.


Maqola muallifi

Teglar

G'azo Toni Bler Sigrid Kaag Mark Rouan Nagib Saviris Arye Laytstoun

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing