Milliarder Bill Geyts rafiqasi bilan ajrashmoqda
Olam
−
04 may 2021
9421Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi Microsoft korporatsiyasining asoschisi Bill Geyts va uning rafiqasi Melinda ajrashish haqida e’lon qildi. Ushbu xabarni Geyts kecha, 3 may kuni o‘zining Twitter sahifasida e’lon qildi.
“Uzoq o‘ylanib, munosabatlarimiz bo‘yicha ko‘p ishlardan so‘ng, nikohni tugatish to‘g‘risida qaror qabul qildik”, deyiladi tvitda.
Bill va Melinda Geytsning so‘zlariga ko‘ra, ular “er-xotin sifatida yanada o‘sishlarining” iloji yo‘q. Shu bilan birga, ular o‘zlari yaratgan xayriya fondi doirasida birgalikda ishlashni davom ettirishga va’da berdi.
Bill Geyts va Melinda French 1994 yilda turmush qurgan. Ularning uchta farzandi bor.
“27 yil davomida biz uch nafar ajoyib farzandni tarbiyaladik va dunyo bo‘ylab odamlarning sog‘lom hamda samarali hayot kechirishiga yordam beradigan poydevor yaratdik”, deyiladi xabarda.
Er-xotin ajrashish jarayonining moliyaviy tomonini oshkor qilmagan. Bill Geyts “Forbes” jurnali talqiniga ko‘ra, taxminan 130,5 milliard dollarlik boylik bilan dunyodagi eng boy odamlar ichida to‘rtinchi o‘rinda turadi. Shuningdek, “Forbes” Melinda Geytsni 2020 yil oxirida dunyodagi eng nufuzli ayollarning beshinchisi deb topgandi.
2000 yildan beri Bill va Melinda Geytslar taxminan 50 million AQSH dollarlik xayriya jamg‘armasiga rahbarlik qildi. Tashkilotning asosiy faoliyat yo‘nalishlari rivojlanayotgan mamlakatlarda xavfli kasalliklarga qarshi kurash, AQSHdagi sog‘liqni saqlash va ta’lim dasturlari bilan shug‘ullanish edi. Jamg‘arma orqali koronavirusga qarshi vaksinani ishlab chiqish va pandemiya ostidagi eng zaif odamlarni qo‘llab-quvvatlash uchun yuz million dollar mablag‘ ajratilgan.
1975 yilda Geyts va Pol Allen tomonidan tashkil etilgan Microsoft dunyodagi eng yirik shaxsiy kompyuterlardan tortib mobil telefonlargacha bo‘lgan qurilmalar uchun dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchilardan biri hisoblanadi. Microsoft’ning bosh ofisi Vashington shtatidagi Redmondda joylashgan.
LiveBarchasi