Migrantlarga qarshi reydlar sabab Chikago ko‘chalari bo‘shab qoldi
Olam
−
29 yanvar
9401Avval gavjum bo‘lgan Chikago ko‘chalari AQSH Prezidenti Donald Tramp siyosati doirasida boshlangan noqonuniy migrantlarga qarshi reydlar tufayli bo‘m-bo‘sh bo‘lib qoldi. Ko‘plab shahar aholisi qo‘lga olinib, deportatsiya qilinishdan qo‘rqib uylaridan chiqmayapti. Bu haqda mahalliy WBEZ Chicago radiostansiyasi xabar berdi.
“Chikagodagi Ist-Sayd hududida – Indiana shtati bilan chegaraga yaqin joydagi 106-ko‘chani qo‘rquv va sukunat qopladi. Ilgari gavjum bo‘lgan savdo hududi hozir bo‘m-bo‘sh. Shahar bo‘ylab yakshanba kuni boshlangan kuchaytirilgan immigratsion nazorat ko‘plab aholini uyda qolishga majbur qildi”, deyiladi xabarda.
Ma’lum qilinishicha, Ist-Sayd tumani aholisining 80 foizini meksikaliklar tashkil qiladi va u yer uzoq yillardan buyon yangi kelgan muhojirlar uchun boshpana bo‘lib kelgan. Mahalliy restoranlardan birining menejeri Xuan Vaskes WBEZ radiosiga bergan intervyusida mijozlarining aksariyati lotin amerikaliklar ekanini va ular hozir kelishga qo‘rqayotganini aytgan. Shuning uchun u yaqin kunlarda faqat yetkazib berish xizmatiga o‘tishiga to‘g‘ri kelishini ta’kidlagan.
“Bu mahalliy iqtisodiyotni izdan chiqaradi, chunki odamlar ko‘chaga chiqishga qo‘rqyapti. Kimdir ishga yoki do‘konga chiqsa ham, oilasi yoniga qaytib borishiga kafolat yo‘q”, deydi u.
Bunga qadar “New York Post” gazetasi manbalarga tayanib, Tramp administratsiyasi noqonuniy migrantlarni qo‘lga olish kvotasini kuniga 1,8 ming kishiga oshirganini xabar qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Bojxona va chegara nazorati xizmati (ICE) xodimlari joriy yil 26 yanvar kuni jami 1 179 kishini hibsga olgani va bu rasmiy X platformasida e’lon qilingan 956 kishi haqidagi ma’lumotdan ancha ko‘p ekani xabar qilingandi.