Migrantlar soliq to‘lashi kerakmi? Kambag‘allarga bosh-qosh vazirlik mulozimi javob berdi

Jamiyat

image

“Milliy tiklanish” partiyasidan prezidentlikka nomzod Alisher Qodirovning saylovchilar bilan uchrashuvda xorijda ishlayotgan migrantlar ham O‘zbekistonga soliq to‘lashi kerakligi haqidagi taklifni ilgari surgan edi. Qodirovning ushbu taklifi ayni kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda trendga chiqqan. 

QALAMPIR.UZ Qodirovning ushbu aytgan gaplariga Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Saidqahhor Xolxo‘jayevning qanday munosabat bildirishiga qiziqdi. Xolxo‘jayevning javobi esa quyidagicha bo‘ldi. 

“Bu fikrlarni to‘g‘ri, deb ayta olmayman. Hammamizga ma’lumki, fuqarolarimiz chet elda ishlash uchun odatda uzoq muddatga borishadi. Ya’ni, 180 kundan uzoqroq muddatda boshqa yurtda ishlashadi. Amaldagi normativ hujjatlarga muvofiq 180 kundan ko‘proq muddat chet elda bo‘lgan fuqarolarimiz yuridik nuqtai nazardan norezident hisoblanishadi va soliqlarni ishlab topgan daromadlaridan o‘sha davlatda to‘lashiga to‘g‘ri keladi. Ikki davlat orasida soliqqa tortish tizimlarini soddalashtirish nuqtai nazaridan bir davlatda to‘langan soliqlar boshqa davlatda ham qabul qilinadi. Ya’ni, fuqaro soliqni to‘lagan hisoblanadi. 

Shundan kelib chiqadigan bo‘lsak, o‘ylaymanki, migrantlarimiz chet elda daromad olib, o‘sha yerning qonunchiligi bo‘yicha soliqlarni to‘lashmoqda. Bitta daromad uchun ikki marta soliq so‘ralishi noto‘g‘ri fikr, deb o‘ylayman”, deydi Saidqahhor Xolxo‘jayev.

Eslatib o‘tamiz, Qodirovning migrantlardan ham soliq undirish kerakligi haqidagi gaplari hamon muhokamalar markazida bo‘lib turibdi. Ayrimlar Alisher Qodirovning bu gaplaridan keyin unga ovoz beruvchilar soni keskin tushib ketishini aytsa, yana kimdir bu ham saylov oldidan bir PR ekanini ta’kidlamoqda. Xullas, natijalarni saylovdan keyin ko‘ramiz.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

816

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing