BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasi qanday o‘tmoqda — Midweek

Tahlil

O‘tgan yili BMT Bosh Assambleyasining 79-sessiyasi tashkilot tarixidagi eng passiv va zerikarli yig‘inlardan biri bo‘lgandi. O‘sha sessiya Netanyaxunung turli xil ranglar bilan ajratilgan ikki xarita bilan qilgan chiqishi hamda uning nutqi payti “zalda” deyarli hech kim qolmagani bilangina yodda qolgandi. Lekin joriy 2025 yildagi ayni paytlarda o‘tayotgan yubiley 80-sessiya ancha qizg‘in kechmoqda. Asosiy tadbirdan oldin tashkillashtirilgan Falastin bo‘yicha oliy konferensiya, unda G‘arbning qudratli davlatlari nihoyat Falastinni davlat sifatida tan olgani, Turkiya yetakchisi endi Isroilni keskin qoralashni boshlaganida mikrofoni uzib qo‘yilgani, Bosh Assambleyadagi Trampning uzun va tartibsiz nutqi, u va musulmon davlatlarning liderlari o‘rtasida o‘tgan muzokara, Erdo‘g‘an va Makronning korteji Tramp tufayli to‘xtatilgani, O‘zbekistonning juda samarali ishtiroki va boshqa qator muhim hamda qiziq voqeliklar bilan yodda qoldi.

Qudratli davlatlar BMT ustida tosh yog‘dirgan bo‘lsada, tashkilotning bu galgi sessiyasi juda qizg‘in tus oldi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin esa mana o‘ninchi yildirki, bunday ulkan siyosiy yig‘inda ishtirok etmayapti. Aniqrog‘i unda qatnashaya olmayapti. Biroq shunday bo‘lishiga qaramay, e’tibor markazidan tushib qolmaslik uchun Rossiya yetakchisi Bosh assambleya sessiyasi startidan bir kun oldin muhim bayonot bilan chiqdi va Rossiya o‘zga qilingan har qanday tahdidlarga qarshi turishi haqida o‘z dushmanlarini ogohlantirdi.

Shunday qilib, QALAMPIR.UZning bu galgi Midweek soni, asosan, BMT va uning atrofida kechayotgan jarayonlarga bag‘ishlanadi. 

Ishlamay qolgan eskalator va suflyor – Trampni qiynagan muammolar

Nyu-Yorkda joylashgan BMTning bosh qarorgohidagi sharoitlar Oq uy yoki Trampning Mar-a-Lagodagi koshonasidan ancha farq qilishi bilinib qoldi. AQSH Prezidenti bu yerda qator muammolarga uchradi. Rafiqasi Melaniya bilan eskalatordan endi tepaga ko‘tarilayotganida u to‘satdan ishlamay qoldi. Tramp esa birinchi xonim va uning o‘zi hali ham oyoqda tik tira olishi va shuning uchun ham bu holatda yiqilib qolmaganini aytib, yig‘ilganlarga maqtandi. Juda jiddiy siyosiy tadbirdagi nutqida shunday ahamiyatsiz narsalarni gapirgan Trampning suflyori ham ishlamay qoldi. AQSHni avtokratiya jarligiga itarib borayotgan Tramp buga javobgar shaxslarni muammolar kutayotgani haqida ogohlantirib, hazil qildi. Uning nutqidagi boshqa mavzular ham bir necha oylardan buyon takrorlanib kelinayotgan mavzulardan iborat bo‘ldi. 7 ta urushni to‘xtatgani, migratsiya siyosatidagi xatolar va BMTning ojizligi kabilar shular jumlasidandir.

Tramp shuningdek, o‘ziga xos bo‘lgan bo‘htonlar va hech qachon qilmagan ishlarini amalga oshirganini da’vo qilib ketdi. AQSHning amaldagi rahbari yolg‘on ma’lumotlar va haqiqatga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydigan statistikalarni omma oldida bexijolat aytishiga ko‘nikkanmiz. Bu gal ham u BMT minbaridan turib, o‘zining birinchi prezidentlik muddati davrida erishilgan tinchlik “qulaganini” va uning o‘rnini “katta inqirozlar” egallaganini aytdi.

“Men bu ulug‘ zalda oxirgi marta turganimga olti yil bo‘ldi. O‘sha paytda dunyo farovon va tinch edi. Mening birinchi prezidentlik muddatimda o‘rnatilgan tinchlik ikki qit’ada hukm surdi. Ammo o‘sha kundan buyon urush qurollari men o‘rnatgan tinchlikni vayron qildi, osoyishtalik va barqarorlik davri esa zamonamizning eng katta inqiroz davriga almashdi”, deydi Tramp.

BMT Bosh Assambleyasida 57 daqiqa nutq so‘zlab, “ochiq chegaralar” va iqlim o‘zgarishiga qarshi siyosat Yevropani halokat sari olib borayotganini aytdi. Shu lahzada uning o‘ta o‘ng va millatchi ekani namoyon bo‘ldi. U muhojirlar boshqa madaniyat va din vakillari bo‘lgani uchun qabul qiluvchi davlatlarning madaniyati, iqtisodi va tartibini yemirishini aytdi. Tramp Yevropani ommaviy migratsiyani to‘xtatmaslikda aybladi. Mazkur nutqning eng sharmandali qismi ham aynan shu nuqtada aytildi. AQSH Prezidenti migratsiya inqirozini London misolida ta’riflab, uni hozirda juda yomon mer boshqaryotgani, Britaniya poytaxti shariat normalariga o‘tmoqchi ekanini iddao qildi. Tasavvur qilyapsizmi, Tramp bu da’voni bugun Londoni kelib chiqishi musulmon bo‘lgan Sodiq Omonxon boshqaryotgani tufayli aytdi. Yevropaning eng muhim nuqtalaridan biri bo‘lgan shahar shariat qonunchiligiga o‘tib ketishi haqidagi bo‘hton eng kamida kulgili, ammo bu gap AQSH prezidentidan chiqishi dahshatli sharmandalik. To‘g‘ri, so‘nggi yillarda Londonda musulmon aholi soni sezilarli tarzda oshgani haqida ko‘p gapiriladi. Ammo bu uning shariat qoidalariga qarab harakatlanayotganidan dalolat degan tushuncha g‘irt axmoqlik.

Ochig‘ini aytganda, Tramp shu nutqda o‘z chiqishini yakunlasa ham bo‘lardi. Ammo u Ukraina va G‘azo masalasiga alohida to‘qtalib o‘tdi. Rossiya agressiyasiga kelsak, Donald Tramp anchadan buyon tinmay aytib keladigan gapini yana takrorladi. Unga ko‘ra, AQSH Rossiyaga qarshi “juda kuchli tariflar” kiritishga tayyor, ammo buning uchun avvalo Yevropaning o‘zi Rossiyadan neft va gaz sotib olishni to‘xtatishi kerak.  AQSH yetakchisi Nyu-Yorkda 10 ta davlat birdaniga Falastinni tan olganidan mamnun emasligini yashirmadi. U ba’zi G‘arb mamlakatlarining Falastin davlatini tan olishini HAMAS uchun “haddan tashqari saxovatli mukofot” deb atadi.

Suratlardagi dahshat – Erdo‘g‘an Isroilni “savaladi”

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning Nyu-Yorkka tashrifi ancha qizg‘in va muhokamalarga boy bo‘ldi. Dastlab, “Falastin masalasiga yechim topish va ikki davlatli yechimni amalga oshirish” mavzusidagi xalqaro konferensiyadagi nutqidayoq munozaralar avj oldi. Erdo‘g‘an Isroilni endi keskin tanqid qilishni boshlashi bilan darhol uning mikrofoni uzib qo‘yildi. Rasmiy doiralar buni reglament vaqti yakuniga yetgani bilan izohladi, ammo Erdo‘g‘aning mikrofoni nutqining 4-daqiqa 48-soniyada uzildi. Unda esa yana 12 soniya bor edi. Shu bois, bu epizod shubhaliligicha qoldi. Erdo‘g‘an esa konferensiyadan tashqari AQSH telekanaliga ham intervyu berdi. U HAMAS haqida berilgan savolga harakatni terroristik tashkilot emas, balki qarshilik harakati sifatida ko‘rishini aytdi. To‘g‘ri, Erdo‘g‘an bu gapini tez-tez takrorlaydi, lekin baribir, XAMASni terroristik guruh deb biluvchi davlat yerda turib, uni himoya qilish faqat Erdo‘g‘anga xos ekanini ham unutmaslik lozim.

23 sentyabr Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an BMT Bosh Assambleyasidagi 80-sessiyasida so‘zga chiqib, G‘azodagi vaziyatni keskin qoraladi va mamlakatlarni Falastinni tan olishga chaqirdi. Erdo‘g‘an G‘azodagi ochlikdan aziyat chekayotgan ayollar va bolalarning suratlarini ko‘rsatib, sodir bo‘layotgan genotsid “jonli efirda namoyish etilmoqda” dedi. U bu so‘zlar bilan minbarga qator rasmlar olib chiqdi. Turkiya Prezidentining BMTdagi nutqlarida aksariyat hollarda o‘zi bilan mavzuga bag‘ishlangan qog‘oz materiallarni olib chiqishi odat tusiga kirgan. Lekin e’tiborga molik jihati shuki, u doim bunday qo‘shimcha materiallarni Falastin uchun olib chiqadi. Bir necha yillar oldin Isroil bosqinchiligi oqibatida tortib olingan va bugun juda kichrayib ketgan Falastinning bosqichma-bosqich okkupatsiya qilinishi aks etgan xaritani ham aynan Erdo‘g‘an olib chiqqandi. Bu safar esa u G‘azodagi dahshatlar aks etgan tasvirlar bilan dunyoga yuzlandi.

“G‘azodagi tibbiy infratuzilma butunlay vayron qilingan, shifokorlar yo o‘ldirilgan, yo hibsga olingan. G‘azo sektoridagi genotsid jonli efirda namoyish etilmoqda. Ikki yoshli qo‘lsiz yoki oyoqsiz begunoh bolalarning suratlari afsuski G‘azoda odatiy holga aylangan. 2025 yilda bunday shafqatsizlikka aqlga sig‘adigan oqlov bo‘lishi mumkinmi? Insoniyat nomidan aytaman: bu sharmandali manzara G‘azoda 23 oydan beri har kuni kuzatilmoqda”, deydi Turkiya Prezidenti.

Shuningdek, Erdo‘g‘an G‘azoda yuzlab odamlar, jumladan, bolalar ochlikdan nobud bo‘lganini qayd etdi. U Isroilni jurnalistlar va tinch aholini ataylab o‘ldirishda aybladi. Erdog‘aning so‘zlariga ko‘ra, antisemitizmni boshqalar emas, balki Isroil hukumati, ular qiliyotgan vahshiyliklar kuchaytirmoqda.

“Yevropa va Amerikada bola atirg‘ul tikanidan yaralsangiz, ota-onalarning qalbi eziladi. G‘azoda esa bolalarning qo‘l-oyag‘i narkozsiz kesib tashlanmoqda. Biz bu yerda gapirayotgan paytda Isroil tinch aholini o‘ldirishda davom etmoqda”, deydi u.

Turkiya rahbari Isroil faqat G‘azo va G‘arbiy Sohil bilan cheklanmayotganini, balki Suriya, Yaman, Eron va Livanga ham tahdid solib, mintaqaviy tinchlikni xavf ostiga qo‘yayotganini bildirdi. Qatarga uyushtirilgan hujum esa isroillik rahbarlarning butunlay nazoratni yo‘qotganini ko‘rsatishini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu “na tinchlikka, na garavdagilarni ozod etishga qiziqmoqda”. Erdog‘an, shuningdek, Eronning yadro dasturi bo‘yicha diplomatik yechim topilishiga umid bildirdi va mintaqa yana bir inqirozni ko‘tara olmasligidan ogohlantirdi.

To‘xtatilgan “foytunlar”

Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasi doirasida qiziq voqealar faqat minbarlarda emas, balki ko‘chalarda, yo‘llarda ham sodir bo‘lmoqda. Voqealar markazida Prezidentlar korteji. Shu paytgacha ikki davlat rahbarining korteji shahar politsiyasi tomonidan to‘xtatildi. Dastlab, AQSH Prezidenti Donald Trampning o‘tishi uchun barcha yo‘llar to‘sib qo‘yilgan bir paytda Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning mashinasi politsiya tomonidan to‘xtatildi. Makron esa mashinaning ichidan tushib, xodimlardan qo‘yib yuborishni so‘radi, rad javobini olgach esa darhol Trampga qo‘ng‘iroq qildi va yo‘lni ochib yuborishni so‘radi.

“Ahvolingiz yaxshimi? Men ko‘chada kutyapman. Barcha yo‘llar siz uchun yopilgan”, dedi Makron.

Bundan bir necha oy oldin Tramp Prezidentlik protokolini buzgan holda boshqa davlat rahbarlari bilan shaxsiy raqamida gaplashayayotgani haqida xabarlar chiqqandi. Masalan, u Zelenskiyga o‘z raqamini bergani ham aytilgandi. Makron korteji to‘xtatilganida esa bu o‘z isbotini topdi. U Prezidentlar bilan shaxsiy raqamida gaplashishni yo‘lga qo‘ygan. U dunyo liderlari bilan qanday tartibda gaplashyotgani o‘z yo‘liga, lekin qizig‘i shundaki, Makron AQSHda to‘xtatilgan yagona Prezident bo‘lmadi.

Oradan bir kun o‘tib, Nyu-York shahri politsiyasi yana Donald Trampning yo‘nalishini tozalash uchun boshqa bir davlat rahbarini kutishga majbur qildi. Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning korteji ham Makronniki kabi to‘xtatildi. Turkiya yetakchisi ham mashinaning ichidan tushib, ko‘chada kutib turishga majbur bo‘ldi. Prezident qo‘riqchilari esa bu paytda uni zich holatda qurshab oldi. Ammo Erdo‘g‘an bu vaziyatga Makron kabi pozitiv yondashmadi. Uning avzoyi ancha buzildi.

Ash-Shara yarim asrlik qora tarixga yakun yasadi

Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida ishtirok etdi va bu Suriyada prezident mavqesidagi shaxsning 1967 yildan yoki 58 yildan beri AQSHga ilk rasmiy tashrifi bo‘ldi. Unga to‘rt nafar vazir hamrohlik qildi. Ash- Shara Suriya va AQSH o‘rtasida diplomatik munosabatlarni tiklash, AQSHda Suriya elchixonasini rasmiy ochish masalasi muhokama qilish uchun tashrif buyurdi. U 23 sentyabr kuni Yevropa Kengashi Prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa Komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen bilan muzokaralar o‘tkazdi. U BMT minbaridagi o‘zining tarixiy nutqida Suriya o‘tgan avlod zulmidan voz kechayaptiganini e’lon qildi va unga nisbatan qo‘llangan sanksiyalarni to‘liq bekor qilishni talab qildi. Ahmad Ash-Shara Suriya 60 yil mobaynida bosim ostida qolgani, aholining yillar davomida azob-uqubat va yetishmovchiliklarga duch kelgani, o‘z huquqini talab qilib ko‘tarilgan paytda esa o‘lim bilan yuzlashganini qayd etgan.

Mintaqaviy taranglikka e’tibor qaratagan muvaqqat prezident ash-Shara 8 dekabrdan beri Isroil tomonidan Suriyaga nisbatan tahdidlar davom etmoqdaganini ta’kidlab, Isroilni o‘tish davridan foydalanib, mintaqani yangi mojarolarga tortishga urinishda aybladi. 24 sentyabr kuni u Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashib, diplomatik aloqalarni tiklash bo‘yicha qo‘shma bayonot imzoladi. Bu aloqalar Ukraina va Suriya o‘rtasidagi munosabatlar 2014 yilda Rossiya Qrim va Donbasqa bosqin uyushtirganida Suriya vakillari BMTda Rossiya harakatlarini yoqlagani tufayli muzlatilgan. Diplomatik aloqalar esa 2022 yilda Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin kirishi ortidan butkul uzildi, chunki Asad rejimi kutilganidek bu holatda Rossiyani qo‘llab-quvvatlagan edi. Ash-Shara esa boshqa ishlari kabi Asadning bu xatosini ham to‘g‘rilladi. U Zelenskiy bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarda hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari, ikki davlat xavfsizligiga tahdidlar hamda ularga qarshi kurashish masalalarini muhokama qilgan.

Zelenskiy Putinni Qozog‘istonga chorladi

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ham AQSHda o‘zi uchun kerakli ishlar bilan band bo‘ldi. Xususan, Zelenskiy dastlab, so‘nggi paytlarda ancha yaxshi muloqotni amalga oshirayotgan Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bilan uchrashdi. U bu uchrashuvga quyidagicha izoh berdi:

 “Hozirgi asosiy vazifa – ishonchli xavfsizlik kafolatlari bilan adolatli va mustahkam tinchlikka erishish.”

Ukraina rahbarining so‘zlariga ko‘ra, To‘qayev bilan suhbat davomida AQSH, Yevropa va boshqa xalqaro hamkorlarning urushi to‘xtatishga qaratilgan sa’y-harakatlari batafsil muhokama qilingan. Shuningdek, Zelenskiy uchrashuv yakunida Qozog‘istonga Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirdi.

Zelenskiy AQSHga qilgan bu galgi tashrifi chog‘ida nihoyat “Fox News”ga intervyu berdi. O‘tgan safarlar buning imkoni bo‘lmagani va nima sababdan rejalashtirilgan intervyular bekor qilingani ko‘pchilikka ma’lum. Telekanalga bergan intervyusida Ukraina Prezidenti Rossiya bilan ehtimoliy muzokaralar olib borish joyi haqida fikr bildirdi va Qozog‘istonda ham uchrashuv o‘tkazishga tayyorligini aytdi. U Putin bilan uchrashuvga roziligini tasdiqladi. Shu bilan birga, Zelenskiy Moskvaga borib muzokara o‘tkazolmasligini, ammo boshqa variantlarga ochiqligini ta’kidladi. U Turkiya, Avstriya, Shvetsiya va boshqa joylarda muzokara o‘tkazishga qarshi emas. Uning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin uchrashuvlardan bosh tortib, urushni davom ettirishni ma’qul ko‘rmoqda.

U tashabbuslar faqat Ukraina tomonidan emas, balki AQSH Prezidenti Donald Tramp, Yevropa rahbarlari, jumladan, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron hamda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an tomonidan ham ilgari surilganini alohida urg‘ulagan. 

Zelenskiyning bildirishicha, Putin bosqinni kengaytirishga intilyapti va u bu bosqinni nafaqat Ukrainada, balki boshqa hududlarda ham davom ettirishi mumkin. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa Qozog‘iston variantiga munosabat bildirdi. U ilgari ham Zelenskiy ko‘plab variantlarni ilgari surgani, biroq ular Rossiya uchun “mutlaqo nomaqbul” davlatlar bo‘lganini bahona qildi. Masalan, Shveysariya va Avstriyani Peskov “de-fakto neytral emas” deb atadi. Shu bilan birga, u Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning joriy yilning sentyabr oyi boshida Zelenskiy bilan uchrashuvni Moskvada o‘tkazishni taklif qilganini eslatdi. O‘shanda Putin Rossiya poytaxtini “eng yaxshi joy” deb atagan va Ukrainaga xavfsizlik hamda barcha sharoitlar kafolatlanishini aytgan. Peskovning fikricha, uchrashuvni boshqa joyda o‘tkazishga bo‘lgan chaqiriqlar “ortiqcha talab” hisoblanadi.

Ukraina Prezidenti tashrif doirasida Tramp bilan ham bir necha daqiqalik suhbat o‘tkazdi va bu jarayonda Tramp tomonidan Rossiyaning tanqid ostiga olinishiga sabab bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Turkiya Evropa Eron Vladimir Putin Rajab Toyib Erdo'g'an BMT Emmanuel' Makron N'yu-York Zelenskiy Falastin Isroil Dmitriy Peskov Oq uy Qosim-Jomart To'qaev Yaman XAMAS Livan Netan'yaxu G'azo Mar-a-Lago Antoniu Koshta Ash-Shara

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing