Rossiya droni NATO chegarasini buzdi, Netanyaxu Qatarga dag‘dag‘a qildi, AQSH dunyo boshqaruvini boy bermoqda, Nepalda bolalar hukumatni ag‘dardi – Midweek
Tahlil
−
11 Sentabr 4238 12 daqiqa
Qatar poytaxtga qilingan hujum uchun Tel-Avivga javob qaytarishga va’da berdi, Netanyaxu esa qatarliklarga tahdid qildi.
Rossiya Ukrainani nishonga olish o‘rniga NATO a’zosi bo‘lgan Polshaga dron uchirib qo‘yganini tan olmayapti. Bu orada esa dunyodagi eng qudratli harbiy alyansdagi javob tizimi juda sustdek ko‘rinmoqda.
Yuqoridagi ikki voqelik bilan Vladimir Putin va Binyamin Netanyaxu AQSH Prezidenti Donald Trampning obro‘sini bir pul qildi. Bugungi Oq uy javob berishi yoki nazorat qilishi kerak bo‘lgan ishlarda ehtimol tarixdagi eng ojiz holatiga tushdi.
Osiyoda yana yangi “bahor”. Nepalda yoshlar butun boshli hukumatni ag‘dar-to‘ntar qilib tashladi. Hatto armiya ham 18-25 yoshlar atrofidagi yigit-qizlar bilan kelishishga harakat qilmoqda.
Haftaning o‘rtasigacha jahonda sodir bo‘lgan muhim voqea-hodisalar tafsiloti bilan QALAMPIR.UZ'ning Midweek dasturida tanishing.
Netanyaxu Qatarga tahdid qildi
9 sentyabr kuni Isroilning tomonidan Dohada HAMAS yetkachilariga zarba berilishi uzoq yillik ziddiyat va murakkabliklarga sabab bo‘lish ehtimoli yuqori. Vaziyat ancha jiddiy tus oldi. Hujum HAMAS rahbarlariga qaratilgani endi mutalaqo ikkinchi planga o‘tgan. Chunki Isroil bu ishni Qatar suvereniteti va hududiy yaxlitligiga putur yetkazish orqali amalga oshirdi. O‘zga davlat poytaxtiga zarba berilishiga aslida bundan boshqa izoh ham yo‘q. Rasmiy Doha endi Isroilning bu harakatini javobsiz qoldirmoqchi emas. Umuman olganda, Qatar joriy yil hisobiga o‘ziga aloqador bo‘lmagan mojarolar oqibatida ikkinchi bor hujumga duchor bo‘ldi. Birinchisi iyun oyi oxirida Isroil-Eron urushi paytida AQSHning Eron yadro inshootlariga bergan zarbasi ortidan Qatardagi Al Udeyd harbiy bazasini nishonga olinishi edi. Jarayonga umumiy nazar tashlansa, Qatardagi mazkur xavfsizlikka tahdidlarning ortida aynan shu AQSHning Al-Udeyd bazasi yotibdi deyish mumkin. Bu harbiy kompleks Qatarga o‘tgan davr mobaynida qanchalik yordam bergani noma’lum, ammo zarar qanday bo‘layotganini butun dunyo ko‘rib turibdi.
Qatar rasmiylari esa mazkur holatda ishni Isroildan boshlamoqchi. Bosh vazir Jassim Ol Soniy Qatar o‘z suverenitetiga qaratilgan har qanday hujumni qabul qilmasligi va uni buzganlarga qarshi javob chorasini qo‘llashini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Qatar Isroil zarbalariga faqat bitta chora bilan emas, balki turli yo‘llar bilan javob qaytaradi va kelajakda bunday hujumlarning oldini olish uchun harakat qiladi. Shu maqsadda, diplomat Muhammad bin Abdulaziz al-Xulayfiy rahbarligida huquqiy choralarni ishlab chiqadigan maxsus guruh tuzilgan. Doha allaqachon o‘ziga do‘st bo‘lgan mamlakatlar bilan bog‘langan va tez orada javob choralarini e’lon qiladi.
Demak, dastlabki ehtimoliy javob choralari eng kamida sanksiyalarni o‘z ichiga olishi mumkin. Bundan tashqari, endi Qatar Netanyaxuga qarshi keskin ritorik pozitsiyaga o‘tdi. Doha uni xalqaro huquq normalariga tupurib qo‘ygani, butun mintaqani o‘ta og‘ir oqibatlarga yetklab borayotgani va tinchlikka erishish bo‘yicha barcha urinishlarni yo‘qqa chiqarganini ta’kidladi. Qatar muzokaralarda ishtirok etayotgan davlatda vositachilarni o‘ldirishga urinishni “axloqsizlik va xiyonat” deb atamoqda.
Endi esa shu o‘rinda savol tug‘iladi. Eron ham joriy yilda Al-Udeydga zarba bergan, o‘shanda ham Qatar eng kamida javob qaytarish huquqini o‘zida saqlab qolishini eslatgandi. Yakunda esa hech narsa bo‘lmadi deyish mumkin. Ammo Eron va Isroilning Qatar bilan gaplashish jarayoni mutlaqo bir-biridan farq qiladi. Masalan, Eron Qatardagi AQSH bazasiga zarba berganda “bu hujum do‘st mamlakat aholisiga emas, balki AQSH harbiy kompleksiga yo‘llangani”ni aytib vaziyatni yumashatishga harakat qilgandi. Isroil esa buni mutlaqo teskarisini qilmoqda. Netanyaxu Qatarga hatto ultimatum qo‘yishdan ham tab tortmadi. Dohaga qilingan hujumdan so‘ng, u 2001 yil 11 sentyabr kuni egizak binolarga qilingan teraktni xotirlashga bag‘ishlangan bayonotida HAMASga joy bergan Qatar va boshqa mamlakatlarga ochiqdan-ochiq tahdid qildi. U mazkur davlatlardan HAMASni chiqarib yuborishni talab qilib, agar bu ish bajarilmasa, Isroil buni shaxsan o‘zi qilishi haqida ogohlantirdi.
“Qatarga va terrorchilarni yashirgan barcha davlatlarga aytaman: ularni chiqarib yuboring, yoki javobgarlikka torting. Agar buni qilmasangiz, biz buni o‘zimiz qilamiz”, dedi Netanyaxu.
NATO va Rossiya urushga juda yaqin edi?
10 sentyabrga o‘tar kechasi Rossiya harbiylari Ivano-Frankovsk, Xmelnitskiy, Jitomir viloyatlari, shuningdek, Vinnitsa va Lvov shaharlariga zarba berdi. Ammo aniqlik borasida ular juda jiddiy va qaltis xatolikka yo‘l qo‘ydi. 10 dan ortiq dron Ukrainadagi nishonlarga emas, balki NATOga a’zo hisoblanmish Polshaga tushgani haqidagi xabarlar dastlab katta sarosimaga sabab bo‘ldi. Polsha birinchi marta g‘arbiy Ukrainaning Rossiya tomonidan nishonga olinishi vaqtida mamlakat havo hududini buzgan dronlarga qarata o‘t ochdi. Polsha armiyasi bu hodisani “tajovuz harakati” deb atadi. Polsha Qurolli kuchlari operativ qo‘mondonligi mamlakat hududiga uchib kelgan bir nechta dronlar yo‘q qilingani haqida xabar berdi. Mamlakat Bosh vaziri Donald Tusk dronlar Rossiyaga tegishli ekanini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, harbiylar “to‘g‘ridan to‘g‘ri xavf tug‘diruvchi” dronlarni urib tushirgan. 10 sentyabr kuniyoq Rossiyaning Varshavadagi Muvaqqat ishlar vakili Andrey Ordash mazkur dronlar ortidan Polsha Tashqi Ishlar vazirligiga chaqirildi. Diplomat Polsha rasmiylarining o‘z hududi uzra urib tushirilgan uchuvchisiz samolyotlarni Rossiya tarafidan ekani haqidagi bayonotlarini asossiz deb atab, dronlarni Rossiyaga tegishli ekani haqida hech qanday dalil keltirilmaganini ta’kidlagan.
Ushbu holatda NATO samolyotlari alyans havo hududidagi ehtimoliy tahdidlarga birinchi marta qarshilik ko‘rsatdi. Tungi operatsiyada Polshaning F-16 qiruvchi samolyotlari, Niderlandiyaning F-35 samolyotlari va Italiyaning radar razvedka samolyotlari ishtirok etdi. Hududda joylashtirilgan Patriot havo mudofaa tizimlari radarda uchuvchisiz uchoqlarni aniqladi, ammo ushbu mudofaa quroli ishlatilmagan.
Barchaga ma’lum, Polsha NATO a’zosi bo‘lgani uchun unga qarshi tashqi tahdid bo‘lsa, alyans tarkibiga kiruvchi barcha davlatlar birdek safarbarlik e’lon qiladi. Chegarani buzgani aytilgan dronlar esa xavfli va tajovuzkor deb topilganiga qaramay, NATO buni to‘g‘ridan to‘g‘ri hujum deb hisoblamadi.
Polsha Bosh vaziri Donald Tusk NATO ittifoqchilari va NATO Bosh kotibi Marko Ryutte bilan doimiy aloqada ekanini aytdi. Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron dronlarning Polsha havo hududida paydo bo‘lishida Rossiyani ayblagan bo‘lsa, Yevropa diplomatiyasi rahbari Kaya Kallas dronlarning Polsha osmonida “tasodifan” paydo bo‘lganiga shubha qildi.
Rossiya Mudofaa vazirligi esa hech qanday nishonni yo‘q qilish rejalashtirilmaganini ma’lum qildi. Qayd etilishicha, rasmiy Moskva Polsha Mudofaa vazirligi bilan dronlar mavzusida maslahatlashuvlar o‘tkazishga tayyor. Vazirlikning ta’kidlashicha, zarbada qo‘llangan rus dronlarining maksimal parvoz masofasi 700 kilometrdan oshmaydi. Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov bo‘lsa: "Provokatsiyalarda ayblovlar har kuni aytiladi, biroq Yevropa Ittifoqi va NATO ko‘pincha dalillar keltirishga hatto urinmaydi”, deya javob qaytardi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kremlga Polsha rasmiylaridan dronlar bilan bog‘liq masala bo‘yicha hech qanday so‘rov borib tushmagan.
Tramp “hech kim”ga aylanmoqda
Yuqoridagi ikki holat: Polsha havo hududini begona uchoqlar kesib o‘tgani, Qatarga qilingan hujum Trampning tashqi siyosatdagi imidjini bulg‘adi. Lekin Yaqin Sharqda Isroil tomonidan AQSHning muhim manfaatlarini inobatga olmasdan amalga oshirilgan hujum Tramp uchun yana bir sharmandalikka aylandi. U esa bu holatdan norozi ekanini bildirishdan narigiga o‘ta olmadi. Bu esa Oq uy bugun sayyoraning "siyosiy yadrosi" emasligidan dalolat beradi.
Tahlilchilarga ko‘ra, Yaqin Sharqdagi voqealar Trampning ichki siyosiy obro‘siga katta ta’sir ko‘rsatmasligi mumkin, ammo Dohadagi hujum Trampning “qattiqqo‘l yetakchi” sifatida gavdalanishiga putur yetkazadi. Chunki bu hujum AQSHning eng muhim ittifoqchilaridan biri – Qatarning suverenitetini ochiqdan-ochiq poymol qildi. Qatar esa G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish rejasi bo‘yicha muzokaralarni aynan Oq uyning iltimosi bilan olib borayotgan edi.
Bu nafaqat Tramp uchun shaxsiy haqorat, balki AQSHning xavfsizlik manfaatlari ustidan Netanyahuning maqsadlarini ustun qo‘yish bo‘ldi. CNN'ning xabar berishicha, Oq uyda ayrim amaldorlar qattiq g‘azabga tushgan, chunki hujum Netanyahuning maslahatchisi Ron Dermer 8 sentyabr kuni Trampning elchisi Stiv Uitkoff bilan uchrashganidan keyin ro‘y bergan, ammo uchrashuvda bu reja haqida bir so‘z ham aytilmagan.
Shuningdek, Qatarga hujum G‘azodagi masalaga siyosiy yechim orqali barham berish umidini yo‘qqa chiqarishi mumkin. Bu esa qolgan garovdagi isroilliklar uchun ham daxshatli oqibatlarga olib kelishi ehtimoli yo‘q emas.
Ekspertlar AQSH uchun qator salbiy oqibatlarni keltirib o‘tmoqda. Masalan, Qatarga qilingan hujum Trampning “neytral vositachi” sifatidagi nufuzini yo‘qqa chiqarishi va Qatarni muzokaralardan chetga chiqishga majbur qilishi mumkin. Chunki Qatar Bosh vaziri Isroil hujumini “terrorizm” deb atadi. Bu esa jiddiy signal. Shuningdek, Qatar o‘zini AQSH diplomatik manfaatlari uchun yillar davomida xizmat qilgan davlat sifatida ko‘rardi. Hujum esa ular uchun xiyonat sifatida qabul qilinishi ehtimoli oshib bormoqda. Shu bois, bu holat Trampning Yaqin Sharqdagi shaxsiy va siyosiy manfaatlariga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Bundan tashqari, Ibrohim kelishuvlarini kengaytirish rejasi haqida endi o‘ylab ham o‘tirmasa bo‘ladi. Oq uy uchun bundanda yomon ssenariy esa Yaqin Sharq mintaqasidagi boshqa davlatlar ham: “Isroil Qatarda bunday ishni qila olsa, ertaga bizga ham hujum qilmasmikin?” degan savol qo‘ya boshlashi tabiiy. Chunki Dohada cho‘l hududida joylashgan AQSHning eng katta bazasi – Al-Udeyd Qatar suverenitetining shunday sharmandali tarzda buzilishiga to‘sqinlik qilolmadi. Tahlilchilar bu holat boshqa Ko‘rfaz davlatlari va dunyo bo‘ylab AQSH ittifoqchilari uchun ham savol tug‘dirishini ta’kidlamoqda. Ularga ko‘ra, AQSHning xavfsizlik kafolatlari haqiqatdan ham ishonchlimi, degan ikkilanish endi yanada kuchli avj oladi.
Osiyoda yoshlar uyg‘ondi
Joriy haftada Himolay tog‘laridagi kambag‘al davlat butun dunyo e’tiboriga tushdi. U yerda hukumatga qarshi bosh ko‘targan 1997-2012 yillar oralig‘ida tug‘ilgan Z-avlod vakillari, ya’ni yoshlarning namoyishlari ortidan Bosh vazir iste’foga chiqdi. Gap Nepal haqida ketmoqda.
Katmandudagi siyosiy muassasalarning yonayotgan vayronalarini ko‘rgan ko‘pchilik buni Z-avlod noroziligining boshlanishi bo‘lganini aytmoqda. Qiziq tomoni shundaki, bu qonli, inqilobiy harakatlarning asl kelib chiqishi olti oy oldin maktab auditoriyasida 16 yoshli Avishkar Raut ismli bola ingiliz tilida "gitlercha" nutq so‘zlab, Nepaldagi muammolarni baralla aytganiga borib taqaladi. O‘shanda u mamlakatdagi ishsizlik va iqtisodiy imkoniyatlar pastligini siyosiy partiyalarning o‘yinlariga bog‘lagandi. Doimiy yillik murojaat sifatida boshlangan ushbu nutq Nepalning siyosiy uyg‘onishida hal qiluvchi lahzaga aylandi.
Sentyabr oyi boshida Nepalda noroziliklar boshlandi. Yosh nepalliklar siyosatchilarning farzandlari brend sumkalari va qimmatbaho sayohatlarini ijtimoiy tarmoqlarda namoyish etib turganini ko‘rib charchagandi, holbuki oddiy xalq kun ko‘rish uchun kurashayotgan edi. Yoshlar orasida ishsizlikning kuchayishi va iqtisodiy imkoniyatlarning yo‘qligi sabab ko‘p yillardan beri g‘azab yig‘ilib kelayotgan edi. Bu elita va oddiy odamlar orasidagi katta farq bilan ham bog‘liq edi.
Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda 2024 yilda 15-24 yoshli yoshlar orasida ishsizlik 20,8% ni tashkil etdi. Bu ko‘pchilik yoshlarni xorijda ish izlashga majbur qilgan. Nepal yalpi ichki mahsulotining uchdan bir qismidan ko‘pi (33,1%) xorijdan yuboriladigan pullarga to‘g‘ri keladi.
Himalaydagi 30 million aholiga ega mamlakatda namoyishga chaqiriqlar tez tarqaldi. Hukumatning o‘tgan haftada Instagram, Facebook, WhatsApp va yana yigirmadan ortiq ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlashi esa olovga yog‘ purkagandek bo‘ldi. 8 sentyabr kuni ertalab Katmandu markazidagi parlament binosi yaqinida, Maytig‘ar Mandala yodgorligi oldida minglab yoshlar, hatto maktab formasidagilar ham yig‘ildi. Biroq namoyishlar tez orada nazoratdan chiqdi. Ayrimlar parlament darvozasiga chiqib oldi, politsiya bilan to‘qnashdi. politsiya o‘q otdi, suv sepdi va ko‘zdan yosh chiqaruvchi gaz ishlatdi. Nepallik rasmiylarning aytishicha, 8 sentyabrdagi to‘qnashuvlarda kamida 19 kishi halok bo‘ldi, yuzlab odamlar yaralandi.
Zo‘ravonliklar ortidan ichki ishlar vaziri hamda bir necha hukumat a’zolari iste’fo berdi. 9 sentyabr kuni namoyishlar yanada kengaydi. Har xil yoshdagi odamlar komendantlik soatiga qaramay ko‘chalarga chiqdi va hukumatning qonli tazyiqlariga qarshi turdi. Shundan so‘ng vaziyat yanada og‘irlashdi. Namoyishchilar do‘kon va muassasalarning oynalarini sindirdi, hukumat binolarini yoqib yubordi. Zo‘ravonliklar tufayli mamlakatning asosiy xalqaro aeroporti yopildi. Oliy sud va Singhadarbar – hukumat vazirliklari joylashgan Katmandudagi keng hukumat majmuasi – ham yong‘inda vayron bo‘ldi. Singhadarbar ustidan Nepal bayrog‘ini ko‘tarib turgan namoyishchilar aks etgan suratlar tarqaldi. Bu manzara o‘tgan yili qo‘shni Bangladeshda hukumatni ag‘dargan talabalar harakatini eslatdi. Ha, bir necha yillardan beri Osiyo mintaqasida sodir bo‘layotgan inqiloblarni tarmoq foydalanuvchilari Osiyo bahori deb atashni ham boshlagan.
Nepalga qaytadigan bo‘lsak, namoyishchilar bosh vazir Sharma Olining shaxsiy uyini ham vayron qilib, mebellarni sindirib, keyin yoqib yubordi. 9 sentyabr kuni Oli iste’fo berdi. Uning yordamchisi ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilgan maktubida “mamlakatdagi noodatiy vaziyat” iste’fo uchun sabab sifatida ko‘rsatilgan edi.
Katmandu ko‘chalarida tutun qora bulut bo‘lib ko‘tarilar, askarlar avtomat ko‘targan holda qo‘riqlab turgan bir vaqtda fuqarolar: “Endi nima bo‘ladi?”, degan savol bilan qoldi. Prezident Ramchandra Paudel tinch yo‘l bilan yechimga kelishga chaqirdi va yosh namoyishchilarni muloqotga chorladi. Armiya ham namoyishchilarni muzokaralarda ishtirok etishga chaqirdi. Biroq namoyishchilarning asosiy qismi – 1997-2012 yillar oralig‘ida tug‘ilgan Z-avlod vakillari yagona yetakchiga ega emas. Shu bois, rasmiylar aniq kim bilan muzokara qilishi noaniq.
Nepalning 2015 yilgi Konstitutsiyasiga ko‘ra, yangi bosh vazir parlamentda ko‘pchilikka ega partiyadan tayinlanishi kerak. Agar birorta partiya ko‘pchilikka ega bo‘lmasa, Prezident ko‘pchilik qo‘llab-quvvatlay oladigan shaxsni tayinlaydi. U keyin 30 kun ichida ishonch ovozini qo‘lga kiritishi zarur. Agar bu amalga oshmasa: “Menda yetarli ovoz bor”, deb da’vogarlik qiladigan har qanday a’zo tayinlanishi mumkin. Lekin u ham ishonch ovozini yo‘qotsa, parlament tarqatiladi va saylov o‘tkaziladi. Biroq yirik siyosiy partiyalar yetakchilari namoyishchilar ko‘zida e’tibordan qolgan va ko‘pchiligi yashirinib yurgani bois, namoyishchilar bu jarayonni qabul qiladimi-yo‘qmi, hali noaniq.
Konstitutsiyada vaqtinchalik hukumat haqida qayd yo‘q. Biroq mutaxassislar konstitutsiya normalarini vaqtincha chetga qo‘yib, namoyishchilar vakillari qabul qiladigan hukumat tuzishni taklif qilmoqda. Namoyishchilar yoshlar orasida ommalashgan ikki nomzodni ilgari surishi mumkinligi aytilmoqda. Birinchisi – 35 yoshli reper Balendra Shax. U 2022 yilda Katmandu meri etib saylangan. Yoshlar uni shaharni tozalash bo‘yicha harakatlari uchun yaxshi ko‘radi. Ikkinchisi esa sobiq televideniye jurnalisti Rabi Lamichxane. 2022 yilda “Rashtriya Svatantra partiyasi”ni tuzgan. Mahalliy OAV xabariga ko‘ra, 9 sentyabr kuni namoyishchilar moliyani suiiste’mol qilish aybi bilan qamalgan Lamichxaneni qamoqdan chiqarib olgan.
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, namoyishchilar Konstitutsiyani qayta yozishni talab qilmoqda. Nepal 2008 yilda monarxiyani tugatib, 2015 yilda yangi Konstitutsiyani qabul qilgandi. O‘shanda ham unga qarshi chiqishlar bo‘lgan. Amaldagi hujjat o‘zgarishlarga yo‘l qo‘yadi, ammo ular parlament tomonidan ma’qullanishi shart. Nepal Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 11 sentyabr kuni namoyishlarda halok bo‘lganlar soni 30 nafarga yetgan, yaralanganlar soni esa 1 033 kishini tashkil etgan.
Live
Barchasi