MIB fuqarolarni firibgarlikning yangi turidan ogohlantirdi
Jamiyat
−
05 iyun
17894Majburiy ijro byurosi fuqarolarni MIB nomidan foydalanib, firibgarlik qilishga urinayotganlarga aldanib qolmaslikka chaqirdi.
Keyingi vaqtlarda, ijtimoiy tarmoqlarda, ya’ni Telegram tarmog‘i orqali Majburiy ijro byurosidan fuqarolarga, go‘yoki ularning zimmasida qarzdorlik mavjudligi va buning ayrim (noma’lum) ilovalarni yuklab olishni tavsiya etilayotganligi haqidagi xabarlar tarqalmoqda.
Ma’lum qilinishicha, ushbu ijtimoiy tarmoqlar orqali yuborilayotgan xabarlar Majburiy ijro byurosiga aloqasi yo‘q va bu kabi kiber firibgarlik holatlaridan fuqarolarning ehtiyot bo‘lishi haqida muqaddam ham ogohlantiruvchi xabarlar berilgan.
“Shuni unutmaslik kerakki, Majburiy ijro byurosi ish yurituvidagi mavjud ijro hujjatlari bo‘yicha qarzdorlik va ijro harakatlari bo‘yicha xabarlar mobil SMS ko‘rinishida hamda alohida “MIB” info nomerik yordamida beriladi”, deyiladi xabarda.
Telegram orqali yuborilayotgan mobil ilovalar esa aslida firibgarlarning aldov yo‘li bo‘lib, ushbu ilova yuklangan yoki ishlatilgan zahoti firibgar fuqaroning bank plastik kartasi ma’lumotlarini (kodlari va boshqa) hamda pul mablag‘ini qo‘lga kiritadi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Toshkent shahar IIBB aholisi orasida firibgarlikning yangi turidan jabrlanayotganlar ko‘payganini aniqlagan va fuqarolarni bundan ogohlantirgandi.
LiveBarchasi