MIB fermerning Damas`i xatlanishiga izoh berdi
Jamiyat
−
23 Sentabr 2019
6985Avvalroq, Surxondaryo viloyatining Qiziriq tumanida Majburiy ijro byurosi xodimlari fermerning Damas rusumli avtomobilini bank oldidagi majburiyatini bajarmagani uchun olib ketgani, fermer byuro inspektorlari harakatini noqonuniy ekanini iddao qilayotgani haqida xabar bergan edik.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi Matbuot xizmati mazkur holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.
Aniqlanishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tumanlararo sudining ijro hujjatiga asosan qarzdorlar “Yaxshi niyat Bobur” fermer xo‘jaligidan undiruvchi ATB “Agrobank” Qiziriq filiali foydasiga 145 mln 478 ming so‘m kredit qarzi hamda 2 mln 909 ming so‘m davlat boji undirish belgilangan bo‘lib, undiruv garov mulki hisobidan “Yaxshi niyat Bobur” fermer xo‘jaligiga tegishli “TTZ-80. 11” va “Belarus-80” rusumli traktorlar, fuqaro M. Abduraxmanovga tegishli Lacetti, fuqaro B. Pardayevga tegishli Damas rusumli avtotransport vositalariga qaratish ko‘rsatilgan.
Ushbu ijro hujjati Byuroning Qiziriq tumani bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan va ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror qabul qilinib, qaror nusxasi taraflarga yuborilgan.
Qayd etilishicha, Byuroning Qiziriq tuman bo‘limi davlat ijrochilari tomonidan bir necha bor qarzdorlikni bartaraf etishi to‘g‘risida rasmiy ogohlantirishlar berilgan.
Ijro harakatlari davomida, joriy yilning 17 sentyabr kuni Byuroning Qiziriq tuman bo‘limi davlat ijrochilari S.Abdurasulov, N. Qurbanov, A. Yakubov va N. Xonimqulovlar tomonidan ijro hujjatida ko‘rsatilgan Damas rusumli avtotransport vositasini xatlash maqsadida fuqaro B. Pardayevning yashash xonadoniga chiqilgan va shu kuni avtotransport vositasi dalolatnomaga asosan xatlab olingan.
Xatlash jarayoni amalga oshirilishidan oldin davlat ijrochilari S. Abdurasulov va N. Qurbanovlar tomonidan qarzdor B. Pardayevni xizmat guvohnomasi bilan tanishtirgan.
Bundan tashqari, qarzdorlar “Yaxshi niyat Bobur” fermer xo‘jaligiga tegishli “TTZ-80. 11” va “Belarus-80” rusumli traktorlar, M. Abduraxmanovga tegishli Lacetti rusumli transport vositalarini xatlash choralari ko‘rilmoqda.
Surxondaryo viloyat sudining 14.12.2018 yildagi ijro hujjatiga asosan qarzdor “Yaxshi niyat Bobur” fermer xo‘jaligidan Qiziriq tuman DSI foydasiga soliq qarzi undirish to‘g‘risida ijro hujjatiga asosan “Yaxshi niyat Bobur” fermer xo‘jaligi rahbari B. Pardayevdan 1 mln so‘m undirilib, 19.03.2019 yildagi to‘lov topshiriqnomasiga asosan Qiziriq tumani DSI foydasiga o‘tkazib berilgan.
Shu o‘rinda, MIB xodimi xatlashdan oldin Pardayevni xizmat guvohnomasi bilan tanishtirganini ta’kidlagan. Biroq tarqalgan videoda fermer bot-bot Byuro xodimining xizmat guvohnomasi yo‘qligini ta’kidlagan. E’tiborlisi ijrochi ham fermerning gaplarini inkor qilmay faqatgina sud qarori bor ekanini aytish bilan cheklangan. Bunday vaziyatda kimga ishonishni ham bilmay, esankirash hech gap emas.
LiveBarchasi