MIB 3 mingdan ortiq odamni qidiruvga bergan
Jamiyat
−
26 noyabr 2021
7836Bugungi kunda qarzdorligi mavjud bo‘lgan 3 mingdan ortiq jismoniy shaxs qidiruvga berilgan. Bu haqda Majburiy ijro byurosi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Byuro organlari tomonidan amalga oshirilgan tezkor-qidiruv faoliyat natijasida joriy yilning o‘tgan davrida qarzdorligi tufayli 7 ming 800 dan ziyod jismoniy shaxsga nisbatan qidiruv e’lon qilingan bo‘lib, shundan 4 ming 500 nafardan (58 foiz) ortig‘i topilib, majburiy ijro harakatlari o‘tkazilgan.
Hozirda 3 ming 264 nafar qarzdorni qidirib topish choralari ko‘rilmoqda. Ta’kidlanishicha, ushbu shaxslarning 2 ming 149 tasi respublika hududida yashirinib yurganligi, 1 ming 115 tasi esa, chet elga turli maqsadlarda chiqib ketgani aniqlangan.
Qidiruvdagi shaxslar topilishi natijasida qarzdorlardan jami 30 mlrd 700 mln so‘m, shu jumladan 22 mlrd 800 mln so‘m aliment pullari undirilib, voyaga yetmagan farzandlarning moddiy ta’minot olishlari ta’minlangan.
Byuro organlarida sud hujjatlariga asosan farzandlarning onalari tarbiyasiga olib berish bilan bog‘liq ijro ishlari doimo dolzarb bo‘lib kelgan. Hozirda, 80 dan ortiq ijro ishlari bo‘yicha qidiruvda bo‘lgan farzandlarning onalari qaramog‘iga olib berilishi bo‘yicha 57 ta ijro ishlari amalda tamomlandi. Qolgan ishlari bo‘yicha qidiruv harakatlari davom etmoqda.
Misol uchun, fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudining ijro varaqasiga ko‘ra, voyaga yetmagan 2 nafar farzandning onasi tarbiyasiga olib berilishi bo‘yicha olib borilgan qidiruv ishlari natijasida, ushbu qo‘shni respublika hududida ekani aniqlanib, farzandlarning onasi tarbiyasiga olib berilishi ta’minlangan.
LiveBarchasi