Metroning “Sergeli–Qo‘yliq” yo‘nalishi qurilishida 785 ta daraxt boshqa joyga ko‘chiriladi
Jamiyat
−
03 iyun 2021
3899Toshkent shahridagi “Sergeli–Qo‘yliq” yer usti metrosi qurilishida uch tumanda jami 785 ta daraxt boshqa joyga ko‘chiriladi. Bu haqda AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Ozod Rajabov ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, Davlat ekologiya qo‘mitasi Toshkent shahar boshqarmasi mutasaddilari soha mutaxassislari va ekolog-inspektorlarni jalb qilgan holda, qurilish rejalashtirilgan katta hududdagi daraxtlarni to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazgan. Unga ko‘ra, yer usti metrosining Mirobod tumanidan o‘tadigan qismida 66 ta, Sergeli tumanidan o‘tadigan qismida 168 ta, Yangi hayot tumanidan o‘tadigan qismida esa 551 ta (jami 785 ta) daraxt borligi aniqlangan.
“Bularning orasida safora, terak, archa, tut, yong‘oq, o‘rik, eman, shumtol, qayrag‘och, chinor singari daraxtlar bor. Ularni qayerga ko‘chirish mahalliy tuman hokimliklari bilan, qanday ko‘chirish esa biolog olimlar bilan maslahatlashilmoqda. Maqsad bitta — imkon qadar barchasini saqlab qolishdan iborat”, deydi Rajabov.
Tabiiy savol tug‘ilishi mumkin: baribir bir necha daraxtni kesishga to‘g‘ri kelganda ushbu yog‘och xomashyosidan kim, qanday foydalanadi? Ta’kidlanishicha, bu savol ham ekologlar tomonidan qurilish tashkilotlari va hokimliklar oldiga qo‘yilgan. Masalaning yechimi sifatida esa avval daraxtni Obodonlashtirish boshqamasi balansiga o‘tkazish va shundan keyin yog‘ochni yo hunarmandlarga taqdim etish yoki boshqarmaning zaruriy ehtiyojlari uchun ishlatish rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi.
LiveBarchasi