Metroda poyezdlar vagonlari soni ko‘paydi
Jamiyat
−
08 fevral 2023
3176Toshkent metropoliteni orqali bir kunda o‘rtacha 600 ming nafar yo‘lovchi tashilmoqda. Ayniqsa, ta’lim muassasalaridagi o‘qish davrida o‘quvchi va talabalarning metrodan muntazam foydalanishi natijasida yo‘lovchilarning harakati yanada ko‘payib, noqulayliklar hosil bo‘lyapti. Mazkur muammolarni bartaraf etish maqsadida 5 vagonli 4 ta poyezd yo‘nalishlar bo‘ylab harakatlana boshladi. Bu haqda Metropoliten Matbuot xizmati rahbari To‘ychi Mirzayev QALAMPIR.UZ’ga xabar berdi.
“Bu muammolarni oldini olish maqsadida poyezdlar harakati orasidagi intervallar ham qisqartirildi. Jumladan, ertalabki tig‘iz vaqtlarda “Chilonzor” yo‘nalishida 1,5-2 daqiqalik, “O‘zbekiston” yo‘nalishida 3-4 daqiqalik hamda “Yunusobod” yo‘nalishida esa 6-7 daqiqalik intervalda poyezdlar harakatlanmoqda. Bundan tashqari, “Chilonzor” yo‘nalishida “Olmazor” bekatidan zaxira poyezdlari ham yo‘lga qo‘yilmoqda”, dedi To‘ychi Mirzayev.
Ta’kidlanishicha, 5 vagondan iborat poyezdlar sonini yil yakuniga qadar 12 taga yetkazish rejalashtirilmoqda.
“Ma’lumot o‘rnida shuni ta’kidlash joizki, poyezdlar 4 ta vagondan tashkil topgan holda harakatlanganda o‘rtacha 800-1000 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsata olardi. 5 ta vagondan tashkil topgan holda xarakatlanganda esa 1200-1300 kishiga xizmat ko‘rsata oladi”, deya qo‘shimcha qildi Mirzayev.
Shuningdek, yil yakuniga qadar yangi va zamonaviy turdagi 14 ta yangi harakat tarkibi xarid qilinishi ham maqsad qilingan.
Akobir Misiraliyev
LiveBarchasi
Medvedev Xitoyga bordi.
10:15