Messining Saudiyada o‘ynash taklifi hukumat tarafidan rad etildi – manba

Sport

image

Saudiya Arabistonining yuqori martabali sport amaldorining ma’lum qilishicha, mamlakat Lionel Messini MLS mavsum tanaffusida Saudiya Pro-ligasida qisqa muddatli shartnoma asosida o‘ynash haqidagi taklifni rad etgan. Bu haqda “Sports Desk” nashri xabar berdi.

Mahd Sports akademiyasi bosh direktori Abdulloh Hammadning aytishicha, argentinalik yulduzning vakillari 2026 yilgi Jahon chempionati arafasida Messiga Saudiya Arabistonida o‘ynash imkonini berish masalasida ular bilan bog‘langan.

“So‘nggi Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati paytida Messining vakillari men bilan aloqaga chiqdi. U MLS ligasi to‘rt oyga to‘xtagan davrda formasini saqlab qolish va Jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rish uchun bizda o‘ynashni istagan edi”, deydi Hammad Saudiya Arabistonidagi Thmanyah platformasiga bergan intervyusida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, vaziyat Devid Bekxemning 2010 yilda “Los-Andjeles Gelaksi”dan “Milan”ga ijaraga o‘tgan paytiga o‘xshash edi. Biroq Saudiya tomoni bu taklifni qabul qilmagan.

“Men bu masalani sport vaziriga yetkazdim, ammo u rad javobini berdi. Vazir Saudiya ligasi boshqa turnirlarga tayyorgarlik platformasi bo‘lib xizmat qilmasligini aniq aytdi”, deya qo‘shimcha qilgan Hammad.

Abdulloh Hammad “Saudiya Arabistoni Messining taklifini rad etdimi?” degan savolga “Bu haqiqat”, deya javob bergan.

Ma’lumot uchun, so‘nggi yillarda Saudiya Pro-ligasi Krishtianu Ronaldu, Neymar, Karim Benzema kabi yulduzlarni o‘z safiga qo‘shib, xalqaro miqyosda obro‘-e’tiborini oshirdi. Saudiya Arabistoni 2034 yilgi Jahon chempionatiga mezbonlik huquqini ham qo‘lga kiritgan.


Eslatib o‘tamiz, avvalroq Saudiya Arabistoni 2034 yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionati o‘yinlariga mezbonlik doirasida dunyodagi birinchi bino tomidagi stadionni qurishni rejalashtirayotgani va “Sky Stadium” deb nomlanadigan ushbu inshoot NEOM mega-loyihasi tarkibida, cho‘ldan taxminan 350 metr balandda joylashishi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Lionel' Messi Saudiya Pro-ligasi Abdulloh Hammad

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing