Messining ikkinchi yoshligi: Argentina tarixni qayta yozmoqda

Tahlil

image

Argentina terma jamoasi 2026 yilgi Jahon chempionati yarim finalida Angliyani mag‘lub etib, o‘z tarixida ikkinchi marta ketma-ket ikki mundial finaliga chiqdi. Bungacha “Albiseleste” bunday natijaga 1986 va 1990 yillarda erishgan edi. Shu bilan birga, bu Argentinaning Jahon chempionatlari tarixidagi yettinchi finali bo‘ldi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha janubiy amerikaliklar Italiyani ortda qoldirib, Braziliya bilan tenglashdi. Endi ularni tarixiy yutuqdan atigi bir qadam ajratib turibdi – jahon chempionligi unvonini muvaffaqiyatli himoya qilish.

Final qanday yakunlanishidan qat’i nazar, Argentina allaqachon jahon futbolining eng buyuk terma jamoalaridan biri ekanini yana bir bor isbotladi. Lionel Skaloni boshchiligidagi jamoa nafaqat natija, balki xarakter, barqarorlik va chempionlik ruhini ham namoyon etmoqda.

Angliya uchun esa manzara mutlaqo boshqacha. Futbol vatani hisoblangan mamlakat hali ham 1966 yildan beri yirik xalqaro musobaqada bosh sovrinni qo‘lga kirita olmayapti. O‘shandan buyon angliyaliklar biror marta ham Jahon chempionati finaliga chiqa olmagan edi. Bu safar ham ularning orzusi yarim finalda tugadi.

Omad emas, xarakter hal qildi

Uchrashuv oldidan ko‘plab mutaxassislar Angliyani kichik favorit sifatida baholagan edi. Bunga asosiy sabab sifatida jamoaning kuchli raqiblarga qarshi ishonchli o‘yini keltirildi. Ayrim tahlilchilar esa Argentina pley-offda nisbatan yengilroq qur’a tufayli bu bosqichgacha yetib kelganini ta’kidladi. Biroq bunday fikrlar to‘liq haqiqatni aks ettirmasdi. Chunki Argentina butun turnir davomida juda murakkab raqiblarga qarshi maydonga tushdi. Masalan, Kabo-Verde Ispaniya bilan 0:0, Urugvay bilan 2:2 hisobida durang o‘ynab, Saudiya Arabistoniga ham yutqazmagan edi. Shuning uchun argentinaliklarning yo‘li oson bo‘lganini aytish qiyin. Bundan tashqari, Lionel Skaloni shogirdlari turli bahsli ayblovlarga ham duch keldi. Ayrim misrlik mutaxassislar hatto Argentina FIFA tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganini da’vo qildi. Ammo bu iddaolar maydonda o‘z tasdig‘ini topmadi.

Angliya tarkibida tajribali yetakchilar, kuchli jismoniy tayyorgarlik va yuqori saviyali ijrochilar yetarli edi. Shu bois ko‘pchilik bosim ostida aynan Argentina xatoga yo‘l qo‘yadi, deb hisobladi. Ammo voqelik butunlay boshqacha bo‘ldi. Ilk daqiqalardanoq maydonda mutlaqo teng kurash kechdi. Qattiq to‘qnashuvlar, keskin bahslar va yuqori sur’at o‘yinga alohida dramatizm bag‘ishladi. Bunda ikki mamlakat o‘rtasidagi tarixiy va siyosiy ziddiyat ham muayyan darajada o‘z ta’sirini o‘tkazgani sezildi.

Angliya hisobni ochguniga qadar har ikki jamoa bir xil darajada tashabbuskorlik ko‘rsatdi. Maydondagi kurashda hech qaysi tomon ustunlikka ega emasdek ko‘rinayotgandi. Biroq o‘yinning hal qiluvchi qismida chempionlik tajribasi va kuchli xarakter aynan Argentina tomonida ekani yana bir bor namoyon bo‘ldi.

Chempionlarcha kambek: Argentina bosimni oshirdi va Angliyani “sindirdi”

Entoni Gordon hisobni ochganidan keyin o‘yin butunlay boshqa ssenariy bo‘yicha rivojlandi. Golgacha har ikki jamoa teng kurash olib borgan bo‘lsa, shundan keyin tashabbus to‘liq Argentina qo‘liga o‘tdi. Amaldagi jahon chempionlari uchrashuvning so‘nggi yarim soatida raqibiga nafas rostlash imkonini bermadi. Skaloni shogirdlari to‘p nazoratini qo‘lga oldi, hujumlar sonini keskin oshirdi va Angliya jarima maydoni atrofida ketma-ket xavfli vaziyatlar yarata boshladi.

Eng qiziq jihati shundaki, baland bo‘yli va havodagi kurashlarda ancha ustun hisoblangan inglizlarga qarshi argentinaliklar aynan qanotlar orqali uzatmalar va jarima maydoniga oshirilgan to‘plar bilan bosim o‘tkazishdi. Bu taktik yechim kutilmagan bo‘lsa-da, samara berdi. 85-daqiqada Enso Fernandes hisobni tenglashtirdi. Bu gol nafaqat tabloda muvozanatni tikladi, balki ruhiy jihatdan ham o‘yinni butunlay Argentina tomoniga og‘dirdi.

Angliya futbolchilari o‘zlariga kelib ulgurmasidan, qo‘shib berilgan vaqtning ikkinchi daqiqasida Lautaro Martines g‘alaba golini kiritdi. Zaxiradan maydonga tushgan hujumchi o‘z vazifasini a’lo darajada bajardi va Argentinaga final yo‘llanmasini taqdim etdi.

Messi yana bir bor tarix yozdi

Argentina yarim finalda jamoaviy o‘yini bilan ajralib turgan bo‘lsa-da, bahsning bosh qahramoni yana Lionel Messi bo‘ldi. 39 yoshli hujumchi ikki golli uzatma muallifiga aylanib, uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Bu uning joriy mundialdagi beshinchi “O‘yinning eng yaxshi futbolchisi” sovrini bo‘ldi. Yarim finaldan so‘ng Messi yana bir tarixiy natijaga erishdi. U 1970 yildan buyon bir mundial doirasida gol va golli uzatmalar yig‘indisi bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichlardan birini qayd etdi. Shu bilan birga, u turnirning eng sermahsul futbolchisi sifatida o‘z maqomini yanada mustahkamladi.

Shu bilan birga, Argentinaning bu muvaffaqiyatini faqat Messi bilan bog‘lash ham to‘g‘ri emas. Zaxiradan maydonga tushgan Lautaro Martines hal qiluvchi golni urdi, Enso Fernandes markazda katta hajmda ish bajardi, himoyachilar esa oxirgi daqiqalargacha intizomni saqlab qoldi. Biroq baribir jamoaning yuragi ham, ruhi ham Lionel Messi bo‘lib qolmoqda. U nafaqat o‘yinni boshqaradi, balki butun jamoaga ishonch bag‘ishlaydi.

Yarim finaldan keyin 2026 yilgi “Oltin to‘p” uchun kurashda ham vaziyat deyarli oydinlashdi. Kilian Mbappe, Jud Bellingem va Harri Keyn kabi asosiy raqobatchilar hal qiluvchi bosqichlarda o‘zini to‘liq namoyon eta olmadi. Ispaniya tarkibida esa jamoaviy futbol birinchi o‘rinda bo‘lib, yakka tartibda yaqqol ajralib turgan yetakchi hozircha ko‘rinmayapti.

Shu sababli, final natijasidan qat’i nazar, Messi hozirning o‘zida “Oltin to‘p” uchun eng asosiy favorit sifatida ko‘rilmoqda. Agar u Argentinani ketma-ket ikkinchi jahon chempionligiga yetaklay olsa, to‘qqizinchi “Oltin to‘p” ham uning faoliyatidagi navbatdagi tarixiy sahifaga aylanishi mumkin. 39 yoshida ham jahon futbolida hal qiluvchi shaxs bo‘lib qolish – bu afsonadir.

Endi navbat tarixga: Argentina va Ispaniyani afsonaviy final kutmoqda

Endi butun futbol olamining nigohi 19 iyul kuni Nyu-Jersidagi “MetLayf” stadioniga qaratiladi. Bu yerda 2026 yilgi Jahon chempionati taqdiri hal bo‘ladi. Bir tomonda – amaldagi jahon chempioni Argentina. Ikkinchi tomonda esa amaldagi Yevropa chempioni Ispaniya. Bu final bir qarashda oddiy chempionlik bahsidek ko‘rinsa-da, uning ahamiyati ancha chuqur.

Turnir boshlanishidan avval aynan shu ikki jamoa Finalissima bahsida o‘zaro kuch sinashishi kerak edi. Biroq Yaqin Sharqdagi geosiyosiy vaziyat tufayli uchrashuv bekor qilindi. Taqdir esa ularni ancha yirik sahnada – Jahon chempionati finalida uchrashtirdi. Bu nafaqat ikki kuchli jamoaning to‘qnashuvi, balki ikki xil futbol falsafasining qarama-qarshiligi ham bo‘ladi.

Ispaniya butun turnir davomida jamoaviy harakat, yuqori pressing va to‘p nazoratiga asoslangan zamonaviy futbol namoyish etdi. Luis de la Fuente shogirdlari bir futbolchiga emas, balki yaxlit tizimga tayanish orqali finalgacha yetib keldi. Argentina esa chempionlik xarakteri, psixologik barqarorlik va hal qiluvchi pallalardagi sovuqqonligi bilan ajralib turdi. Bu jamoa qiyinchilikdan qo‘rqmaydi, bosim ostida esa aksincha, yanada kuchliroq o‘ynaydi.

Finalning yana bir muhim intrigasi – Lionel Messi. 39 yoshli afsona faoliyatidagi ehtimol so‘nggi Jahon chempionatida ishtirok etmoqda. Agar u Argentina bilan ketma-ket ikkinchi bor jahon chempioni bo‘lsa, futbol tarixida erishish juda qiyin bo‘lgan natijalardan zabt etadi. Bu g‘alaba uning to‘qqizinchi “Oltin to‘p” uchun imkoniyatlarini ham yanada oshiradi. Garchi Messining buyukligi allaqachon isbotlangan bo‘lsa-da, yana bir jahon chempionligi uning merosini mutlaqo yangi darajaga olib chiqishi mumkin.

Ispaniya uchun esa bu final yangi avlodning to‘liq shakllanganini isbotlash imkoniyatidir. Agar “Qizil furiya” g‘alaba qozonsa, Yevropa futbolida boshlangan yangi davrning ramziga aylanadi. Shu bois bu finalda faqat oltin medallar emas, balki futbol tarixidagi yangi sahifa ham o‘rtaga qo‘yiladi. 2026 yilgi mundial  allaqachon ko‘plab rekordlar, dramatik o‘yinlar va kutilmagan natijalar bilan yodda qoldi. Endi esa uning eng muhim 90 daqiqasi qoldi. Argentina o‘z chempionlik unvonini himoya qilib, afsonalar qatoridagi o‘rnini yanada mustahkamlaydimi? Yoki Ispaniya yangi futbol davrining bosh qahramoniga aylanadimi?

Bu savollarga javobni 19 iyul kuni Jahon chempionati finali beradi.
 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing