Messining “Barselona”ga qaytishi haqidagi gaplar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi – Laporta
Sport
−
13 noyabr 2025 1090 2 daqiqa
Ispaniyaning “Barselona” prezidenti Joan Laporta klubning sobiq futbolchisi Lionel Messining “Kamp Nou”ga kutilmagan tashrifi haqida gapirdi. U argentinalik futbolchining tashrifidan xabari bo‘lmaganini tan oldi va Messining jamoaga qaytishi ehtimolini rad etdi. Bu haqda AS nashri xabar berdi.
“Bu juda yoqimli voqea bo‘ldi. Messi bu klubning g‘ururi, u o‘z uyiga qaytganini his qildi. Bizning munosabatlarimiz yaxshi. Messi bu yerda seviladi va stadion uning uyi ekanini biladi. U dunyodagi eng go‘zal o‘lponni olishga loyiq”, dedi Laporta Messining “Kamp Nou”ga tashrifi haqida.
Shuningdek, Laporta Messining futbolchi sifatida “Barselona”ga qaytishi ehtimolini qat’iy rad etdi:
“Lionel Messining futbolchi sifatida “Barselona”ga qaytishi haqida gapirish haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi”, deya ta’kidladi klub rahbari.
“Barselona” klubi prezidenti “Kamp Nou” stadionini qurilish jarayoni haqida ham fikr bildirdi. Unga ko‘ra, yangi stadion rejalashtirilganidek barqaror davom etmoqda va tez orada jamoa o‘z uyiga qaytadi.
“Limak kompaniyasi loyihani a’lo darajada olib bormoqda. Qurilish sifati yuqori, barcha xavfsizlik qoidalariga amal qilinmoqda. Bu Janubiy Yevropadagi eng yirik stadion loyihasidir”, dedi Laporta.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Barselona” jamoasining sobiq futbolchisi Lionel Messi yangi “Kamp Nou”ga tashrif buyurib, o‘zining Instagram’ida “qachondir qaytib kelaman” deya izoh qoldirgan edi.
Live
Barchasi