“Messini portlatib yuboraman”. JCH-2026dagi eng ko‘p tahdidlar aniqlandi
Sport
−
14:19 548 2 daqiqa
AQSH huquqni muhofaza qiluvchi organlari va Federal qidiruv byurosi (FBI) 2026 yilgi FIFA Jahon chempionati davomida duch kelgan xavfsizlik tahdidlari haqida ma’lumot berdi. Bu haqda “Marca” xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Argentina terma jamoasi hujumchisi Lionel Messi futbolchilar orasida eng ko‘p tahdidga uchragan.
Argentinaning guruh bosqichida Iordaniyaga qarshi o‘yini oldidan Dallas aeroportiga noma’lum shaxs qo‘ng‘iroq qilgan. U qo‘lbola bomba va miltiqlar bilan qurollangan yana ikki kishi bilan stadionga bostirib kirishini aytib, Messini o‘ldirish niyati borligini bildirgan.
Messi 1/8 finalda Misrga qarshi uchrashuv oldidan ham tahdidga uchragan. Ijtimoiy tarmoqdagi foydalanuvchilardan biri tanasiga to‘rtta bomba bog‘lab, Atlantadagi stadionga kirishi va Messini portlatib yuborishini yozgan.
Shuningdek, stadiondagi axlat qutilariga uchta bomba yashirilgani haqida ham qo‘ng‘iroq kelib tushgan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar maxsus o‘rgatilgan itlar yordamida hududni tekshirgan, ammo hech qanday portlovchi qurilma topilmagan va xabar yolg‘on ekani aniqlangan.
Portugaliya terma jamoasi yetakchisi Krishtianu Ronaldu ham xavfsizlik bilan bog‘liq tahdidlarga duch kelgan. FBI FIFA’ga Portugaliya terma jamoasi joylashgan mehmonxonada “shubhali shaxs” paydo bo‘lib, Ronalduning qayerdaligi haqida batafsil ma’lumot so‘raganini bildirgan.
Ikki kundan keyin o‘sha shaxs Xyuston politsiyasi tomonidan mehmonxonada hibsga olingan. Shunga o‘xshash holat Torontoda ham kuzatilgan – bir kishi Ronaldu bo‘lgan liftga kirishga uringan.
Jahon chempionatida hakamlar ham jiddiy tahdidlarga duch kelgan.
Argentina – Misr uchrashuvini boshqargan fransuz hakami Fransua Letekse xabar almashish platformasi orqali 6 mingdan ortiq tahdid olgan.
O‘sha uchrashuvda VAR hakami sifatida ishlagan Villi Delajod ham ko‘plab tahdidlarga duch kelgan. Natijada Fransiyada har ikki hakamning uyi va oila a’zolari xavfsizligini ta’minlash choralari kuchaytirilgan.
Live
Barchasi