Messidan dastxat olgan farrosh ishdan haydaldi
Sport
−
05 avgust 2023
15436AQSHning “Inter Mayami” stadionida ishlaydigan farrosh Lionel Messidan dastxat olgani uchun ishdan haydaldi. Bu haqda “Goal” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, bir yarim yildan buyon Mayamida yashab, “Inter Mayami” stadionida farrosh sifatida ishlab kelayotgan kolumbiyalik Kristian Salamanka klub hujumchisi va sardoriga aylangan Lionel Messidan dastxat olgani uchun ishdan bo‘shatilgan.
“Avtobus to‘xtaydigan joylarni tozalayotgan edim. Omadim kelib, aynan ishlayotgan vaqtimda avtobus kirib keldi va undan futbolchilar tusha boshladi. Leo eng oxirgi bo‘lib tushdi. Men u tomonga bordim va xizmat kiyimimni yechdim, uning ostida esa Argentina libosi bor edi. Messi kiyimimga dastxat qo‘yib berdi. Shundan so‘ng, qo‘riqchi meni olib ketdi hamda ishdan haydalganimni aytdi. Lekin bu shunga arziydi”, deydi Kristian.
“Inter Mayami” ichki qoidalariga ko‘ra, stadion xizmatchilari ish vaqtida yulduzlar bilan suratga tushishi va ulardan dastxat olishi qat’iyan taqiqlanadi.
Ma’lumot uchun, Lionel Messi “Inter Mayami”ga o‘tganidan so‘ng 3 ta o‘yinda ishtirok etib, 5 ta golga mualliflik qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Argentinalik futbolchi Lionel Messi yangi klubi “Inter Mayami” safida ketma-ket ikki o‘yinda dubl qayd etib, klub tarixiga kirgani haqida xabar berilgan edi. U “Orlando” va “Atlanta”ga qarshi o‘yinlarda ikkitadan gol urgan.