Messidan Husanovgacha yoxud futbol tarixidagi omadsiz debyutlar

Sport

image

Har bir sohada bo‘lgani kabi futbolda ham birinchi ish kunini muvaffaqiyatli o‘tkazish muhim. Ammo qo‘pol xatolar, o‘yinning bosimi kabi sabablar tufayli futbolchilarning dastlabki o‘yini ko‘ngildagidek o‘tmaydi. 

Bugun mana shunday debyut o‘yinlarni omadsiz o‘tkazgan futbolchilar haqida so‘z yuritamiz. Ular orasida dunyoning taniqli futbolchilarining nomini uchratish mumkin.

Moyzes Kaysedo

“Chelsi” “Liverpul” bilan kurashda g‘olib chiqib, Moyzes Kaysedoni 115 million funt-sterlingga sotib oldi. Bu transfer APL tarixidagi eng qimmat transferga aylandi. Ekvadorlik futbolchi “aristokratlar” safidagi ilk o‘yinda “Vest Xem”ga qarshi maydonga tushdi. Uchrashuv davomida u ko‘plab xatolarga yo‘l qo‘ydi va jamoasining mag‘lubiyatiga asos bo‘lgan penaltiga sababchi bo‘ldi. Ammo u mavsum davomida o‘z darajasini qayta tikladi va 2024/25 yilgi mavsumda Premer liganing eng yaxshi yarim himoyachilaridan biriga aylandi.

Tyago Silva

Tyago Silva “Chelsi”ning zamonaviy futboldagi eng yaxshi o‘yinchilaridan biri. Ammo uning ingliz futbolidagi ilk o‘yini muvaffaqiyatsiz o‘tdi. “Vest Bromvich”ga qarshi debyut o‘yinning birinchi taymida uning jamoasi ikkita gol o‘tkazib yubordi. Futbolchi himoya chizig‘idagi eng yomon o‘yinchi sifatida baholangan. Ammo ikkinchi bo‘limda Maunt, Xadson-Odoi va Temmi Abraxamning gollari evaziga “Chelsi” g‘alaba qozondi va Silvaning omadsiz o‘yini unutildi.

Lionel Messi

Aytish mumkinki, hattoki barcha davrlarning eng yaxshi futbolchilaridan biri Lionel Messining ham Argentina terma jamoasidagi debyut o‘yini o‘ta muvaffaqiyatsiz o‘tgan. Vinger Vengriyaga qarshi o‘rtoqlik o‘yinidagi debyutda 63-daqiqada zaxiradan maydonga tushdi. Biroq Messi vengriyalik futbolchi Vilmots Vanchakka qarshi qo‘pollik ishlatib, qizil kartochkaga loyiq ko‘rilgan. Kiyim almashtirish xonasiga ko‘zida yosh bilan chiqib ketgan. Ammo uning keyingi faoliyati qanday o‘tganini har bir futbol muxlisi-yu mutaxassisi juda yaxshi biladi.

Abduqodir Husanov

“Lans”dagi 1 mavsumning o‘zidayoq shov-shuvlarga sabab bo‘lib, qishki transferlar oynasida bir qancha grand klublar nishonida bo‘lgan o‘zbekistonlik futbolchi Abduqodir Husanov yakunda “Manchester Siti” futbolchisiga aylandi. Markaziy himoyachi 26 yanvarga o‘tar kechasi APL doirasida “Chelsi”ga qarshi bahsda asosiy tarkibdan o‘rin oldi. Ammo o‘yinning 2-daqiqasidayoq Husanov to‘pni Edersonga yetkazib berishda xatoga yo‘l qo‘ydi. Ushbu xatoning yakuni golga sabab bo‘ldi. Oradan 2 daqiqa o‘tib, Palmerga nisbatan qoida buzib, sariq kartochka bilan jazolandi. Ikkinchi taymning 52-daqiqasida u Stounz bilan almashtirildi.

Ammo futbolchining moslashishi uchun vaqt bor va u bu holatdan tezda chiqib keta oladi. Murabbiy Gvardiola ham u haqida iliq fikrlarini bildirdi.

“Men Abduqodirni xatolari uchun almashtirmadim. U kuchli o‘yinchi, men unga ishonaman. Shunchaki uning sariq kartochkasi borligi uchun uni Stounzga almashtirdim”, deydi Gvardiola.


Maqola muallifi

Teglar

Manchester Siti Lionel' Messi Abduqodir Husanov T'yago Sil'va Moyzes Kaysedo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing