Messi Jahon chempionati yarim finalida tarixiy rekord o‘rnatdi
Sport
−
16 iyul 3561 1 daqiqa
Argentina terma jamoasi hujumchisi Lionel Messi Jahon chempionatlari tarixida yarim final bahsida maydonga tushgan eng keksa maydon o‘yinchisiga aylandi. 39 yosh 21 kunlik Messi 2026 yilgi Jahon chempionati yarim finalida Angliyaga qarshi uchrashuvda maydonga tushib, ushbu rekordni o‘z nomiga rasman yozdirib qo‘ydi.
Bu boradagi avvalgi rekord 1958 yilgi mundialga tegishli edi. O‘shanda G‘arbiy Germaniya va Shvetsiya o‘rtasidagi yarim finalda nemis futbolchisi Frits Valter hamda shvetsiyalik Gunnar Gren 37 yosh 236 kunligida maydonga tushgan edi.
Jahon chempionati yarim finallarida ishtirok etgan eng keksa futbolchi bo‘yicha umumiy rekord esa sobiq angliyalik darvozabon Piter Shiltonga tegishli. U 1990 yilgi mundial yarim finalida 40 yoshida maydonga tushgan.
Shuningdek, Messi Angliyaga qarshi bahsda har ikki golga ham assitlik qildi va uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Bu Messining turnirdagi 5-marta o‘yinning eng yaxshi futbolchisi deb topilishi bo‘ldi.
2026 yilgi Jahon chempionati AQSH, Kanada va Meksika mezbonligida o‘tkazilmoqda. Turnirning final bahsi joriy yilning 19 iyul kuni bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, yarim finalda Argentina Angliyani 2:1 hisobida mag‘lub etib, Jahon chempionati finaliga yo‘l olgan edi. Joriy yilning 19 iyul kuni Nyu-Jersi shtatidagi Ist-Raterford shahrida bo‘lib o‘tadigan finalda Argentina Ispaniyaga qarshi maydonga tushadi. Ispaniya yarim finalda Fransiyani 2:0 hisobida mag‘lub etgan edi.