Messi yana bir jabhada Ronalduni ortda qoldirdi
Sport
−
08 Sentabr 2023
6657Bugun, 8 sentyabr kuni futbol bo‘yicha 2026 yilgi Jahon chempionati saralash bosqichi doirasida Argentina va Ekvador terma jamoalari o‘zaro bahs olib bordi. Mazkur uchrashuv 1:0 ko‘rinishida Argentina foydasiga hal bo‘ldi. Yagona golni o‘yinning 78-daqiqasida jamoa sardori Lionel Messi jarima zarbasi orqali kiritdi.
36 yoshli futbolchi uchun ushbu gol faoliyati davomida bevosita jarimadan kiritilgan 65-to‘p bo‘ldi. Messi bu ko‘rsatkich bo‘yicha hozirda o‘zi faoliyat yuritayotgan “Inter Mayami” klubi xo‘jayini Devid Bekxemning natijasini takrorladi. Yana bir jihatdan azaliy raqobatchisi hisoblangan Portugaliya terma jamoasi hujumchisi Krishtianu Ronalduni 5 ta gol farqi bilan ortda qoldirdi. Hozirda “Al-Nasr” klubi sardorining hisobida 60 ta jarimadan kiritilgan gol bor.
Jarima zarbalaridan gol urish bo‘yicha rekord braziliyalik yarim himoyachi Junino Pernambukanoga tegishli bo‘lib, u 77 marta jarimadan unumli foydalangan. Ikkinchi o‘rin esa afsonaviy Pelega tegishli, futbolchi professional faoliyati davomida 70 marta standart vaziyatdan gol urgan. Keyingi o‘rinlarni esa Viktor Legrotale va Ronaldino band etib turibdi, ularning har ikkalasida 66 tadan jarima zarbasi orqali raqib darvozasiga urilgan gol bor.
Shuningdek, Argentina terma jamoasi Ekvadorga qarshi kechgan o‘yindagi g‘alabasi orqali o‘z tarixidagi rekordni ham yangilab qo‘ydi. Ya’ni terma jamoa Jahon chempionati saralash bosqichi doirasida 22 ta o‘yindan beri yutqazmayapti. Bu borada Janubiy Amerika rekordi Braziliyaga (34 ta o‘yin), Jahon rekordi esa Ispaniyaga (66 ta o‘yin) tegishli.
LiveBarchasi