Messi va Ronaldu birga o‘ynashi mumkin – Pol Merson
Sport
−
30 aprel 2022
15408“Manchester Yunayted” katta ehtimol bilan Yevropa Chempionlar ligasiga yo‘llanma olmaydi. Ronaldu esa faoliyatining oxirigacha ushbu musobaqada o‘ynashni istaydi. Bu haqda “Arsenal”ning sobiq yarim himoyachisi Pol Merson “Sportskeeda” nashriga bergan intervyusida aytib o‘tgan.
Mersonning so‘zlariga ko‘ra, Fransiyaning PSJ klubi Ronalduni tarkibiga qo‘shib olish variantini ko‘rib chiqsa, futbol ishqibozlari tarixdagi eng yaxshi ikki futbolchining birgalikdagi o‘yinini ko‘rishi mumkin.
“Bu Ronalduning Angliya Premer ligasidagi so‘nggi mavsumi bo‘lishi mumkin. U butun faoliyatini yakunlagunga qadar Chempionlar ligasida o‘ynashni xohlaydi. Rostini aytsam, Erik ten Xag uni saqlab qolishni istasa, hayron qolaman. Chunki Erik tizimli jamoa qurishga harakat qiladi, Ronaldu esa allaqachon 37 yoshni qarshilab bo‘lgan. PSJ uni Kilian Mbappening o‘rniga vaqtinchalik o‘rinbosar sifatida sotib olishni istashi mumkin.
PSJ faqat bir narsani xohlaydi Chempionlar ligasida g‘alaba qozonish, Ronaldu esa bu musobaqada o‘zini ko‘rsatib bo‘lgan. U gollar uradi va futbolka sotilishiga yordam beradi. Agar, Krishtianu Parij klubi safiga o‘tadigan bo‘lsa, Fransiya chempionati oson bo‘lgani uchun Ronaldu bor e’tiborini Chempionlar ligasiga qarata oladi. Biz barcha davrlarning eng zo‘r ikki futbolchisi – Ronaldu va Messi bir jamoada o‘ynashini ko‘rishimiz mumkin”, degan "Arsenal"ning sobiq yarim himoyachisi.
Ma’lumot o‘rnida, joriy mavsumda Ronaldu “Manchester Yunayted” safida 37 ta uchrashuvda maydonga tushib, 23 ta gol urdi va 3 ta golli uzatma amalga oshirdi. 37 yoshli futbolchining “qizil iblislar” bilan amaldagi shartnomasi 2023 yilgacha amal qiladi.
Ma’ruf Abdumalikov
LiveBarchasi