Messi va Ronaldu birga o‘ynashga rozi bo‘ldi
Sport
−
12:15 3266 1 daqiqa
Jahon futboli yulduzlari Lionel Messi va Krishtianu Ronaldu kelajakda bir jamoa safida maydonga tushadigan bo‘ldi. Bu haqda Karlos Teves “Footmercato” nashriga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Argentinalik sobiq hujumchi xayrlashuv uchrashuvini o‘z vatanida, “Bombonera” stadionida o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Unda Teves o‘zi bilan birga o‘ynagan sobiq jamoadoshlari va do‘stlaridan iborat ramziy o‘yin tashkil qilmoqchi. Ular orasida Messi va Ronaldu ham bor. Tevesning so‘zlariga ko‘ra, Ronaldu ishtirok etishga rozilik bergan, Messini ham ko‘ndirish qiyin bo‘lmagan.
“Ronaldu u yerda bo‘lishini aytdi. Leoni ham ishontirish qiyin bo‘lmadi. Ikkalasi ham rozilik berdi. Men buni intiqlik bilan kutyapman. Bu juda ta’sirli o‘yin bo‘ladi”, deydi Teves.
Teves avval ham Messi va Ronalduni bir jamoada ko‘rishni orzu qilishini aytgan edi. Endi u bu g‘oyani o‘zining xayrlashuv uchrashuvida amalga oshirishga harakat qilmoqda.
Uchrashuv 2026 yil dekabr oyida “Bombonera”da o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Aniq sana hozircha rasman e’lon qilinmagan.
Ma’lumot uchun, Teves 2022 yilda professional futboldagi faoliyatini yakunlagan. U Messi bilan Argentina terma jamoasida, Ronaldu bilan esa “Manchester Yunayted”da birga o‘ynagan.