Messi faoliyatini “Inter Mayami”da tugatmoqchi

Sport

image

Argentinalik futbol yulduzi Lionel Messi va Amerikaning “Inter Mayami” klubi yangi ko‘p yillik shartnoma bo‘yicha yakuniy kelishuv arafasida turibdi. Faqat ayrim tafsilotlarni kelishib olish qolgan. Muzokaralar yakuniy bosqichga kirgan va kelishuv tez orada amalga oshirilishi kutilmoqda. Bu haqda ESPN xabar berdi.

Uzoq muddatli shartnoma 38 yoshli futbolchining 2026 yilda AQSH, Kanada va Meksika mezbonlik qiladigan jahon chempionati paytigacha Amerikada qolishini va katta ehtimol bilan faoliyatini shu jamoada yakunlashini bildiradi.

Manbaga ko‘ra, Messi va “Inter Mayami” o‘rtasida shartnoma kelishilgach, hujjat yakuniy tasdiqlash uchun MLS rahbariyatiga yuboriladi. Argentinalik yulduz boshqa ligalarga o‘tishi mumkinligi haqidagi xabarlarga qaramay, Messi va Mayami klubi munosabatlarini maydonda va undan tashqarida ham davom ettirishdan manfaatdor ekanini bildirgan.

“Messining Janubiy Floridada o‘zini qulay his etishi va faoliyatini shu yerda yakunlashi uchun biz qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilamiz”, deydi “Inter Mayami” rahbarlaridan biri Xorxe Mas.

Messi 2023 yil 15 iyulda “Inter Mayami” bilan dastlabki 2,5 yillik shartnomani imzolagan edi. U debyut mavsumidayoq jamoa bilan 2023 yilgi Ligalar Kubogi g‘olibligini qo‘lga kiritdi. Shuningdek, u kelganidan keyin “Inter Mayami” bir mavsumda eng ko‘p ochko to‘plash bo‘yicha liga rekordini o‘rnatdi.

Ma’lumot uchun, 2025 yilda Messi “Inter Mayami” safida 36 ta o‘yin o‘tkazib, barcha musobaqalarda (Konkakaf Chempionlar Kubogi, Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati, MLS va Ligalar Kubogi) jami 28 ta gol urdi va 14 ta golli uzatma amalga oshirdi. Hozirda u jamoaning eng yaxshi to‘purari hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 4 sentyabr kuni Argentinaning “Estadio Mâs Monumental” stadionida bo‘lib o‘tgan bahsda Argentina Venesuela ustidan 3:0 hisobida g‘alaba qozondi. Unda Lionel Messi Argentina terma jamoasidagi so‘nggi o‘yinini o‘tkazdi va dubl qayd etib, uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi sifatida maydondan chiqdi.


Maqola muallifi

Teglar

Lionel' Messi kelishuv “Inter Mayami”

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing