Messi beva jurnalistning “ko‘nglini olgani” ma’lum bo‘ldi

Sport

image

Argentina terma jamoasidan ketganini e’lon qilgan Lionel Messiga jurnalist Veronika Brunati ta’sirli maqola orqali minnatdorlik bildirdi. Unda jurnalist 2014 yilda turmush o‘rtog‘i, jurnalist Xorxe “El Topo” Lopes halok bo‘lganidan keyin Messi unga qanday yordam taklif qilganini oshkor qildi.

Lopes 2014 yilgi Jahon chempionati vaqtida Braziliyada politsiyadan qochayotgan jinoyatchilar boshqarayotgan avtomobil taksini urib yuborishi oqibatida halok bo‘lgan edi.

Brunati yozishicha, fojiadan keyin Messi uni Joan Gamper mashg‘ulot bazasiga taklif qilgan. Futbolchi jurnalistni quchoqlab, undan: “Sen uchun, Agus va Lusiya uchun nima qila olaman?” deb so‘ragan. Messi uning ikki nafar farzandining ismlarini eslab qolgani Brunati uchun katta taassurot bo‘lgan.

Jurnalistning aytishicha, Messi yordam berishini yana bir bor ta’kidlagan. Brunati esa undan faqat farzandlari bilan uchrashishini so‘raganini esladi:

“Messi menga “Men sizlarga yordam bermoqchiman. Ular uchun nima qila olaman?” dedi. Men esa Lionel Messi bo‘lib qoling. Farzandlarim sizni ko‘rganda xursand bo‘lishadi. Ular ko‘p yig‘lashadi. Men faqat ularning yana kulishini ko‘rishni istayman dedim”,  deb yozadi jurnalist.

Brunati Messi unga og‘ir kunlarni yengib o‘tishda kuch va ilhom berganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, futbolchi ikki nafar farzandi bilan yolg‘iz holda dunyo bo‘ylab safar qilib, Argentina terma jamoasi o‘yinlarini yoritishda davom etishiga ruhlantirgan.

“Messi tufayli mening hayotim yaxshiroq bo‘ldi. El Toponing hayoti ham, farzandlarimning hayoti ham. Chunki Messi – beqiyos baxt”,  deb yozdi Brunati.

Jurnalist Messining eng katta merosi sovrinlar yoki rekordlar emas, balki odamlarga ulashgan baxti ekanini ta’kidlab, unga “hamma narsa uchun” minnatdorchilik bildirdi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing