Mers Zelenskiyni korrupsiyaga qarshi kurashishga chaqirdi

Olam

image

Germaniya kansleri Fridrix Mers kecha, 13 noyabr kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan telefon orqali suhbatlashib, uni “korrupsiyaga qarshi kurashni va ayniqsa huquq ustuvorligi sohasidagi islohotlarni jadal davom ettirishga” chaqirdi. Suhbat “Energoatom” ukrain davlat kompaniyasi atrofidagi korrupsiya mojarosi fonida bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Germaniya hukumati press-reliz e’lon qildi.

Zelenskiy o‘z navbatida Mersga iste’foga chiqqan Ukraina hukumati a’zolariga nisbatan olib borilayotgan tergov ishlari haqida ma’lumot berib, “to‘liq shaffoflikni, antikorrupsiya organlariga uzoq muddatli qo‘llab-quvvatlashni va Ukraina aholisi, Yevropa hamkorlari hamda xalqaro donorlar ishonchini tiklashga qaratilgan tezkor choralarni” va’da qildi.

Ukraina Prezidenti, ayniqsa havo himoyasi va Ukraina energetika infratuzilmasini muhofaza qilish sohasidagi yordami uchun Fridrix Mersga minnatdorlik bildirdi. 

“Zelenskiy va Germaniya hukumati rahbari Yevropa va transatlantik sheriklar bilan hamohanglikda o‘t ochishni to‘xtatish va barqaror tinchlikka erishish bo‘yicha sa’y-harakatlarni davom ettirishga kelishib oldi”, deb xabar qiladi Germaniya kansleri matbuot xizmati.

Mersning ta’kidlashicha, Germaniya g‘arbiy hamkorlar bilan birgalikda Moskvaga bosim o‘tkazishni davom ettiradi, shunda Rossiyani tinchlik muzokaralarida jiddiy ishtirok etishga majburlash mumkin bo‘ladi. Shu maqsadda “Rossiya davlatining bloklangan aktivlaridan samarali foydalanish” ustida ish davom ettiriladi.

Suhbatda yana bir mavzu — ukrain qochoqlari masalasi ko‘tarildi. Xususan, Yevropaga yosh ukrain erkaklarning chiqib ketish holatlari ko‘paygani bois, Ukraina Prezidenti bu masala bilan shug‘ullanishini ma’lum qildi.

“Energoatom”dagi korrupsiya mojarosi

Ukraina Milliy antikorrupsiya byurosi (NABU) va Ixtisoslashgan antikorrupsiya prokuraturasi (SAP) shu hafta boshida ukrain davlat kompaniyasi “Energoatom”da yirik korrupsion sxema fosh qilinganini ma’lum qilgan edi.

“Jinoiy tashkilotning asosiy faoliyati kontragentlardan shartnomalar qiymatining 10–15 foizi miqdorida doimiy ravishda noqonuniy daromad (otkat) olishdan iborat bo‘lgan. Xususan, “Energoatom” kontragentlariga ko‘rsatilgan xizmatlar/yetkazib berilgan mahsulot uchun to‘lovlarni blokirovka qilishdan qutulish yoki yetkazib beruvchi maqomidan mahrum etmaslik evaziga otkat to‘lash sharti majburiy tarzda qo‘yilgan”, deyilgan NABU bayonotida.

NABU tergovchilari “Energoatom”dagi yirik korrupsiya sxemasini tashkil qilganlar sifatida finansist Aleksandr Sukerman va biznesmen Timur Mindichni keltirdi. Mindich – Zelenskiyning ko‘p yillik yaqin hamkori va “Kvartal 95” studiyasining hammuassisi hisoblanadi. 13 noyabr kuni Vladimir Zelenskiy ularga nisbatan sanksiyalar joriy etish haqidagi farmonni imzoladi. Unga ko‘ra:

  • Mindich va Sukerman davlat mukofotlaridan mahrum etildi;
  • ularning Ukrainadagi aktivlari uch yilga bloklangan;
  • savdo operatsiyalarini amalga oshirish imkoniyati to‘xtatildi;
  • Mindich va Sukermanga Ukrainada yer uchastkalari sotib olish taqiqlandi.

10 noyabr kuni huquq-tartibot organlari Timur Mindichning uyida, “Energoatom”da va Ukraina adliya vaziri German Galushenkonikida tintuv o‘tkazdi. Ammo Mindich bundan sal oldin Ukrainadan chiqib ketgan edi.

12 noyabr kuni katta jamoatchilik muhokamalari fonida Ukraina Davlat chegara xizmati Timur Mindichning chegaradan o‘tishi holatlarini aniqlash maqsadida “ichki xizmat tekshiruvi” o‘tkazilganini va uning mamlakatdan chiqib ketishi qonunga muvofiq bo‘lganini ma’lum qildi.

“U (Timur Mindich) Ukrainadan chiqib ketish tartibida amalga kiritilgan amaldagi qonunchilik normalariga muvofiq ravishda chegara nazoratidan o‘tgan. Favqulodda holat – harbiy holat davrida chegaradan o‘tish huquqini beruvchi barcha hujjatlar mavjud bo‘lgan. Alohida ta’kidlaymizki, unga nisbatan Ukrainadan chiqishni ta’qiqlovchi cheklovlar o‘rnatilmagan”,  deyiladi Ukraina DCHXsi Facebook’dagi xabarida.

Shuningdek, xizmat ma’lum qilishicha, “Ukraina Davlat chegara xizmati hech bir huquqni muhofaza qiluvchi organdan ushbu fuqaro davlat chegarasida aniqlangan taqdirda chegara inspektorlari amal qilishi lozim bo‘lgan biror-bir ko‘rsatma olmagan. Xususan, unga chiqishni ta’qiqlash, qidiruv yoki davlat chegarasini kesib o‘tgani haqida xabardor qilish to‘g‘risida biror topshiriq berilmagan”.


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya korruptsiya Ukraina Vladimir Zelenskiy Fridrix Merts Energoatom

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing