Mers chuqur shokda: uning partiyasi saylovda yutqazdi

Olam

image

Kecha, 6 sentyabr kuni Germaniyaning Saksoniya-Anxalt federal yerida bo‘lib o‘tgan saylovlarda “Germaniya uchun alternativa” (GuA) partiyasi g‘alaba qozondi. Mamlakat kansleri va Xristian-demokratik ittifoqi (XDI) raisi Fridrix Mers bu holatdan chuqur shokka tushganini ma’lum qildi. Bu haqda u bugun, 7 sentyabr kuni Berlinda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida so‘z ochdi.  

“Bu XDIning ko‘p yillar va hatto o‘n yilliklar davomidagi saylovlardagi eng og‘ir mag‘lubiyatidir”, deydi kansler. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan federal yer saylovlari “nafaqat Saksoniya-Anxalt, balki butun Germaniya uchun o‘zgarishlar olib kelgan”. Nemis konservatorlari yetakchisi, shuningdek, o‘z partiyasining mag‘lubiyatidan so‘ng tegishli xulosalar chiqarish zarurligini ta’kidlagan. XDI shunchaki “avvalgi kun tartibi bilan ishlashni davom ettira olmasligi” mutlaqo aniq, deb qayd etgan u. 

Shu bilan birga, federal hukumat rahbari Germaniyada tub islohotlar o‘tkazish zarurligini alohida ta’kidlagan. Gap “hech mubolag‘asiz mamlakatning kelajagi hamda farzandlar va nevaralar uchun imkoniyatlar” haqida bormoqda. 

“Shu sababli men islohotlar jarayonini davom ettirish niyatida hamon qat’iyatliman”, deydi u. 

Uning fikricha, saylovlarda o‘ng radikal partiyaning g‘alaba qozonishi xalqaro vaziyatda ham o‘z aksini topadi. Shu sababli uning Germaniyaning barqarorligi haqidagi so‘zlari GFRning xorijiy hamkorlariga ham qaratilgan. 

Ma’lumot uchun, dastlabki rasmiy natijalarga ko‘ra, Saksoniya-Anxaltda GuA 43,8 foiz ovoz to‘plab, ishonchli g‘alaba qozondi. Ushbu partiyaning Saksoniya-Anxalt yeri bosh vaziri lavozimiga nomzodi Ulrix Zigmund bo‘lib turibdi. Amaldagi bosh vazir Sven Shulse a’zo bo‘lgan XDI 17,2 foiz ovoz to‘pladi – bu o‘tgan saylovlardagiga nisbatan deyarli ikki baravar kam. So‘l partiya – 8,6%, “Ittifoq 90”/“yashillar” — 8,9 foiz, Germaniya sotsial-demokratik partiyasi (GSDP) – 9,3 foiz to‘plagan. Landtagga (yer parlamentiga), shuningdek, 5,3 foiz natija bilan Sara Vagenknext Ittifoqi (SSV) ham o‘tgan. Aynan ushbu siyosiy kuch bilan GuA koalitsiya tuzishi mumkin. Erkin demokratik partiya (EDP) va qolgan partiyalar besh foizlik to‘siqni yengib o‘ta olmagan. Saylovlarda ovoz berish darajasi 77,8 foizni tashkil etgan.

Ushbu natijalarga ko‘ra, Saksoniya-Anxalt landtagidagi 83 deputatlik o‘rni shunday taqsimlangan: “Germaniya uchun alternativa” 39 mandat, XDI 15 mandat, So‘l partiya, “Ittifoq 90»/«yashillar” va GSDP 8 tadan o‘rin, SSV 5 ta mandat oladi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing