Mers ham Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari taqdim etyapti
Olam
−
04 Sentabr 2025 2823 3 daqiqa
Germaniya hukumati Parijda bo‘lib o‘tadigan “ko‘ngillilar koalitsiyasi” yig‘ilishida Germaniyaning Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlariga qo‘shadigan hissasi bo‘yicha aniq takliflarni taqdim etish niyatida. Bu haqda Germaniyaning “Der Spiegel” haftalik nashri va AFP axborot agentligi xabar berdi.
Bugun, 4 sentyabr kuni videokonferensiya orqali yig‘ilishga qo‘shiladigan Germaniya kansleri Fridrix Mers urush tugaganidan keyingi davr uchun Ukrainaga xavfsizlik kafolatlari rejasini taqdim etadi. Mersning takliflari Bundesverning ishtirokini o‘z ichiga olmaydi.
Hukumat manbalariga tayanib, AFPning xabar berishicha, gap birinchi navbatda Ukrainaning havo mudofaasi va hujumkor harbiy salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan.
Berlindagi AFP manbalari Germaniyaning Ukraina xavfsizligini ta’minlashda ishtirok etishi uchun zarur bo‘lgan shartlar qatorida AQSH va Rossiyaning muzokaralarga tayyorligini, shuningdek, hukumat koalitsiyasida ushbu majburiyatlar bo‘yicha konsensus va Bundestagning qo‘llab-quvvatlashini nomladi.
“Der Spiegel”, shuningdek, Germaniya hukumati mumkin bo‘lgan tinchlik kelishuvidan keyin Bundesverning Ukraina xavfsizligini ta’minlashdagi ishtiroki bilan bog‘liq majburiyatlardan qochish niyatida ekanini ta’kidlaydi.
AFP va “Der Spiegel” nashrlarining yozishicha, Berlin tayyorlagan paketga Germaniyaning Ukraina havo mudofaasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida qurol-yarog‘ tizimlari soni va ularning samaradorligi bo‘yicha har yili 20 foizga oshirish rejasi kiritilgan.
Bundan tashqari, Berlin Germaniyaning moliyaviy va texnologik ko‘magida Ukrainada ishlab chiqariladigan qanotli raketalar orqali “Kiyevning aviatsiya sohasidagi hujum qobiliyatini” yaxshilashni rejalashtirmoqda.
Ukraina, shuningdek, kamida to‘rtta motorli miltiq brigadalari uchun qurol oladi – bu yiliga 480tagacha mashina, shu jumladan, piyoda jangovar mashinalarni ishlab chiqarishni nazarda tutadi.
Xavfsizlik kafolatlarining boshqa muhim tarkibiy qismlari, Berlinning qarashlariga ko‘ra, Ukraina Qurolli Kuchlari xodimlarini doimiy ravishda tayyorlash va Ukraina va Yevropa mamlakatlari mudofaa sanoatini yaqindan integratsiya qilishdir. Bundan tashqari, Germaniya Ukrainaning YeIga yanada integratsiyalashuviga, shuningdek, mamlakatni moliyaviy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlashga katta ahamiyat beradi.
Bir kun avval Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron “ko‘ngillilar koalitsiyasi” tarkibiga kirgan yevropaliklar Ukraina uchun urushdan keyingi xavfsizlik kafolatlarini hozirdan tayyorlab qo‘yganini, Kiyev va Moskva tinchlik bitimini imzolaganidan keyin ularni berishga tayyor bo‘lishini aytgan edi.
“Mamlakatlarning bugun tushdan keyin mudofaa vazirlari darajasida qat’iy maxfiylikda tayyorlangan, hujjatlashtirilgan va ma’qullangan hissalari bizga shuni aytishga imkon beradi: Bu ish yakunlandi va endi siyosiy ma’qullanadi”, dedi u Parijda ukrainalik mavqedoshi Vladimir Zelenskiyni qabul qilar ekan.
Kafolatlar 4 sentyabr kuni Parijda gibrid rejimda bo‘lib o‘tadigan “ko‘ngillilar koalitsiyasi” yig‘ilishida muhokama qilinadi. Ayni paytda, ommaviy axborot vositalarining xabarlariga ko‘ra, Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari masalasida "xohlovchilar koalitsiyasi" ichida kelishmovchiliklar saqlanib qolmoqda.
“Financial Times” gazetasining yozishicha, so‘nggi oylarda muhokama qilingan Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlarining markaziy elementi bo‘lgan ko‘p millatli qo‘shinlarni Ukrainaga joylashtirish va’dalari tufayli Yevropa ittifoqchilari o‘rtasida bo‘linish yuzaga kelgan.
Live
Barchasi